Estoniyada raqamli texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammit o‘tkazilmoqda

Fan-texnika 19:33 / 29.09.2017 2413

Estoniya poytaxtida YeI tarixidagi raqamli texnologiyalarga bag‘ishlangan ilk sammit juma kuni ochildi. Yevropa Ittifoqi davlatlarining oliy darajadagi rahbariyati 2025 yilga qadar YeIni raqamli muhitda global yetakchiga aylantirish yo‘llarini aniqlash uchun Tallinga bir kunga to‘liq tarkibda yetib kelishdi.

Estoniyaning Yevropa Ittifoqi Kengashidagi yarim yillik raisligining asosiy voqeasiga aylangan sammit «Madaniyat qozonxonasi» art-markazida bo‘lib o‘tmoqda. Bu noodatiy tarixga ega bo‘lgan bino bo‘lib, bu haqda Estoniya bosh vaziri Yuri Ratas ham kirish so‘zida sammit ishtirokchilariga eslatib o‘tdi.

«Qozonxona» ikki yil avval Tallin shahri sobiq elektrostansiyasi o‘rnida ochilgan. 1913 yildan beri bu stansiya 66 yil davomida Estoniya poytaxtiga elektr energiyasi yetkazib bergandi, ammo keyin u yopildi. Keyinchalik qozonxona majmuasi madaniy yodgorlik sifatida e'tirof etildi va rekonstruksiya qilindi.

«Madaniyat qozonxonasi»ga tashrif buyurgan yetakchilarni nafaqat xavfsizlik xizmati xodimlari va bir necha yuz nafar jurnalistlar, balki mamlakat parlamentida kichik vakolatga ega bo‘lgan Estoniya konservativ xalq partiyasi tomonidan tashkil etilgan piket ham kutib oldi. Namoyishchilardan ayniqsa Germaniya kansleri Angela Merkel ko‘proq aziyat chekdi – uni hushtakbozlik bilan qarshi olishdi. Natijada, u intervyu beriladigan hududdan o‘tib ketib, hech qanday savolga javob bermadi.

YeIning birinchi raqamli sammitini tashkillashtirish orqali Estoniya ushbu sohada o‘z xizmatlarini alohida ta'kidlashga harakat qildi. Stendlardan birida mamlakatning elektron-rezidenti maqomini rasmiylashtirish bo‘yicha maslahat olishingiz mumkin, kelayotgan jurnalistlar sovg‘alarni (telefon uchun quvvatlantiruvchi qurilma) kiritiluvchi kodlar orqali buyurtma beruvchi yetkazib berish xizmati avtomatlaridan birida olishi mumkin bo‘ldi.

Estoniya prezidenti Kersti Kalyulayd ham sammitning ochilishida so‘zga chiqib, o‘z mamlakatining xizmatlarini e'tirof etdi.

«Men butunlay elektron tarzda boshqariladigan, hamda hukumatning yordami bilan amalga oshirilgan raqamli jamiyatning prezidentiman», - deya ma'lum qildi u.

Estoniya prezidentining ta'kidlashicha, «raqamli davlatlarning katta qismi hali tug‘ilmagan».

Yevropa Ittifoqining boshqa rahbarlari ham ushbu mavzuning muhimligi haqida ochiqchasiga gapirishdi. «Ishonchim komilki, bugungi kun bizga raqamli kun tartibini aniqlashtirishda olg‘a siljishda yordam beradi», - dedi Fransiya prezidenti jurnalistlarga.

Ko‘proq yangiliklar: