Dunyoning eng badavlat kishilari reytingining yuqori pog‘onalarini egallab keluvchi Bill Geytsning misli ko‘rilmagan muvaffaqiyati iste'dod va sa'y-harakatlardan ko‘ra bizga bog‘liq bo‘lmagan shart-sharoitlar qanday ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinligi haqida "so‘zlaydi".
Albatta, bizga nima uchundir doim hayotda katta muvaffaqiyatga erishgan kishilar yuqori malaka yoki iste'dodga ega ekandek ko‘rinadi. Biroq aslida bunday emas, deyiladi BBC'da.
Misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat, qoidaga ko‘ra, misli ko‘rilmagan shart-sharoitlarda yuzaga keladi.
Aksariyat muvaffaqiyatli odamlar shunchaki kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo‘lishgan.
Ko‘pchilik Geyts va unga o‘xshaganlardan muvaffaqiyat sirlarini bilib olish mumkin deb, ularni hurmat va e'tirofga loyiq deb hisoblashadi. Biroq agar siz ular muvaffaqiyatga faqatgina qattiq mehnat orqali erishgan deb jiddiy o‘ylasangiz, adashasiz. Hattoki Geytsga astoyidil taqlid qilsangiz ham, uning martabasiga erishishingiz amrimahol.
Masalan, Geyts o‘ziga to‘q oiladan chiqqan. Xususiy ta'lim unga o‘z davrida dasturlashtirish tajribasiga ega bo‘lish imkonini bergan, zero u vaqtlar aholining 0,01 foizidagina kompyuterda ishlash imkoni bo‘lgan.
Billning onasi IBM direktorlar kengashi raisi bilan tanish bo‘lgan va bu unga o‘z davrining ilg‘or kompyuter kompaniyasi bilan shartnoma tuzish imkonini bergan. Bu esa, o‘z o‘rnida, uning shaxsiy imperiyasini qurishda hal qiluvchi rol o‘ynagan.
IBM komyuterlarini xarid qilgan mijozlar u bilan birga taqdim etiluvchi Microsoft dasturiy ta'minotini o‘rganishiga to‘g‘ri kelgan. Bu avvalboshdanoq bozordagi vaziyatni Microsoft foydasiga hal qilgan: mijozlarning aksariyat qismi undan keyin ham kompaniyaning dasturiy ta'minotidan foydalanishda davom etishgan - bu uning obektiv jihatdan yaxshiroq bo‘lgani uchun emas, qo‘shimcha narsani o‘zlashtirish uchun ko‘pchilikning vaqti bo‘lmaganidandir.
Bugungi kunda Microsoft bozordagi ulushi bo‘yicha raqiblarini bir necha barobarga ortda qoldirishi mumkin, aslida esa bu tafovut avvalboshdanoq Geytsning omadi kelgani bilan izohlanadi.
Alabatta, Microsoft'ning muvaffaqiyatida Bill Geytsning iste'dodi va mehnati ham muhim ahamiyatga ega, biroq qolgan omillarsiz buning o‘zi yetarli bo‘lmasdi - demak, qaysidir ma'noda shart-sharoitlar iste'dod va mehnatdan muhimroq.
Kimlardir "qattiq mehnat va yuqori ishtiyoq natijasida muvaffaqiyatga erishgan odamlar ham talaygina, shuning uchun ularning yutuqlarini kamsitish adolatdan emas", deb aytishi mumkin. Ba'zilar hatto muvaffaqiyatning sehrli raqamlari borligiga ishonishadi - deylik aynan 10 yil yoki 10 ming tajriba va h.k.
Ko‘plab professional va ekspertlar o‘z ko‘nikmalariga haqiqatda qattiq va maqsadli mehnati evaziga erishishgan. Biz hatto Geytsning muvaffaqiyati sirlaridan biri - uning o‘smirlik chog‘idagi dasturlash yo‘nalishi bo‘yicha olgan 10 ming soatlik ta'limi deb aytishimiz ham mumkin.
"10 000 soat tajriba" qoidasi psixolog Anders Erikssonning tadqiqotlariga asoslangan va amerikalik Malkolm Gladuellning "Daholar va autsayderlar" kitobi orqali ommalashgan.
Ekspertlar tarjimai holining batafsil tahlili tashqi omillar ham ko‘pincha muhim rol o‘ynaydi, deb taxmin qilish imkonini beradi. Masalan, Buyuk Britaniyaning stol tennisi bo‘yicha uch chempioni ham bir shaharda, bir ko‘chada ulg‘ayishgan.
Bu yerda gap tasodiflar va hatto u yerda boshqa hech narsa bilan shug‘ullanish imkoni bo‘lmaganidan emas. Ma'lum bo‘lishicha, stol tennisi bo‘yicha mashhur murabbiy Piter Xarters nafaqaga chiqqanidan keyin aynan shu joyga ko‘chib o‘tgan. Aksariyat bolalar aynan mashhur murabbiy bilan bir ko‘chada yashagani uchun ham sportning mazkur turiga jalb qilingan; ularning uch nafari aftidan o‘sha 10 ming soat saboq olish va oxir-oqibat milliy chempionatda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgan ko‘rinadi.
Buning uchun ularga qobiliyat ham, qattiq mehnat ham kerak bo‘lgan, albatta. Biroq tasodifan tanlangan bola hatto 10 ming soat shug‘ullansa ham, milliy chempionlik maqomini olishi qiyin. Bunday muvaffaqiyatga omadsiz erishib bo‘lmaydi - masalan, tajribali murabbiyning borligi va oila a'zolarining qo‘llab-quvvatlashi ham sportchining omadidir.
Stol tennisida juda ham qobiliyatli bo‘lib, boshlang‘ich shart-sharoitlarga ega bo‘lish borasida omadi kelmagan bolani tasavvur qiling - uning yaxshi murabbiyi bo‘lmasligi mumkin yoki u yashaydigan mamlakatda sport u qadar rivojlanmagan bo‘lishi mumkin. Bundaylar o‘z salohiyatini amalga oshirish imkoniga ega bo‘lmay, chetda qolib ketishi ham hech gap emas.
Kerakli vaqtda kerakli joyda paydo bo‘lish xususiyati shu qadar muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkinki, bu har qanday shaxsiy fazilatlarni ortda qoldiradi. To‘g‘risini aytganda, biz eng yaxshi deb hisoblagan odamlarimizga ko‘r-ko‘rona taqlid qilishimiz va xuddi shunday muvaffaqiyatga erishishga umid qilishimiz kerak emas. Asosiysi - boylik va muvaffaqiyatni dunyoni yanada yaxshiroq qilish yo‘lida safarbar etish.
Omadni qadrlab, o‘z muvaffaqiyatlarini faqat o‘z mehnati bilan o‘lchamaydiganlar katta hurmatga loyiq insonlardir.