Havayi orollaridagi universitet olimlari Mauna-Loa tog‘i yonbag‘irlaridagi 8 oylik HI-SEAS dasturi muvaffaqiyatli yakunlanganini e'lon qilishdi. Unga ko‘ra, ko‘ngillilar Marsdagi qarorgoh sifatida barpo qilingan hududda 8 oy istiqomat qilishdi, deb yozmoqda Space.com
"Biz uzoq muddatli fazoviy ekspeditsiyalarni tashkil etish mutlaq mumkinligini isbotladik. Albatta, texnik va ruhiy omillar ham bor. Bularni, xususan, HI-SEAS yordamida yengib o‘ta olamiz. Yetarli darajada kuch sarflasak ularning hammasini hal qilsa bo‘ladi", — degan loyiha ishtirokchilaridan biri Laura Lark.
HI-SEAS tajribasi boshqa shu kabi tadqiqotlardan shunisi bilan farqlanadiki, uning "ekipaj" a'zolari Mars yoki Oyga parvozni emas, balki ularda “hayot” kechirishga urinishadi. Loyiha ishtirokchilari qarorgoh hududini istagan vaqtda tark etishi mumkin, biroq buning uchun skafandrni kiyib olishlari talab etiladi.
Universitet matbuot xizmati xabar qilishicha, qarorgohdagi turmush sharoiti imkon darajasida Marsdagi muhitga moslashtirilgan. Jumladan, "Yer" bilan aloqada 20 daqiqalik kechikish bor. 4 erkak va 2 ayoldan iborat ekspeditsiya ishtirokchilari bir necha oyda bir marta suv va mahsulotlarni olishadi hamda NASAning Marsdagi qarorgohini tashkil etishda zarur bo‘lgan barcha xavfsizlik choralarini qo‘llashadi.
Ushbu loyiha NASA tomonidan besh yildan beri moliyalashtiriladi. Uning doirasida Marsga 4 marta "safar" uyushtirildi. So‘nggi tajriba 2016 yil avgustida yakunlangan edi. Joriy tajriba shu yil fevral oyida boshlangandi.
Olimlar mazkur tajriba doirasida Marsdagi muqobil hayot hamda Qizil sayyora yuzasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga e'tibor qaratishdi. NASA ushbu tajribalar natijalari Mars yoki Oy bag‘rida haqiqiy qarorgoh tuzishda yordam beradi.
Endilikda, Havayi universiteti oltinchi "safar"ga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. U ham 8 oy davom etadi. Uning ilmiy maqsad va vazifalari HI-SEAS mutaxassislari ko‘ngillilarni tanlay boshlaganda ma'lum qilinadi.