Yil boshidan buyon gaz bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarda 82 kishi halok bo‘ldi

O‘zbekiston 21:44 385

2024 yil boshidan bugungi kunga qadar O‘zbekistonda gaz bilan bog‘liq jami 74 ta (2023 yilda 86 ta) holat sodir bo‘ldi, oqibatda 82 kishi (88) vafot etdi, 80 kishi (119) turli darajadagi tan jarohatlarini oldi. Ayrim holatlarda dudburon nosozligi oqibatida oilaning barcha a’zolari is gazidan zaxarlanib, vafot etishdi.

Bu haqda AOKAdagi brifingda “Hududgazta’minot” AJ boshqarma boshlig‘i Abdusattor Qayumov ma’lum qildi.

“Hodisalar, fuqarolar is gazining xavfli ekanligini to‘la to‘kis xis etmasliklari, targ‘ibotga ishonmasliklari natijasida, nostandart, qo‘lbola, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan nosoz jihozlardan hamda dudburon, shamollatish tizimlarini tekshirmasdan yoki noto‘g‘ri o‘rnatilgan dudburondan foydalanganliklari natijasida sodir bo‘lmoqda”, – dedi Qayumov.

“Hududgazta’minot” mas’uli aholini gazdan xavfsiz foydalanish qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Xususan:

  • loyihadagi gaz uskuna – jihozlarini o‘zboshimchalik bilan tushunmasdan ta’mirlamaslik, almashtirmaslik va boshqa joyga ko‘chirmaslik;
  • xavfsizlik avtomatikasi bo‘lmagan yoki nosoz bo‘lgan yondirgich va jihozlardan foydalanmaslik;
  • dudburonlar hamda shamollatish tizimlarining sozligini doimiy kuzatib, tekshirib borish;
  • gaz uskuna va jihozlari yonib turgan xonaga albatta tashqaridan havo kirishi uchun joy qoldirish;
  • gaz plitasidan xonani isitish maqsadida foydalanmaslik, uzluksiz gaz yonib turgan xonada uxlamaslik, dam olmaslik;
  • xonada gaz hidi sezilganda chiroqni yoqmasdan, eshik derazalarni ochish, gaz jo‘mragini yopib gaz ta’minoti korxonasiga murojaat qilish;
  • gaz chiqayotgan joyni aniqlash uchun olovdan foydalanmaslik lozim.

Barcha iste’molchilarga gaz uskunasi o‘rnatilgan xonaga o‘rnatish tavsiya etiladi. Bu moslamalar gaz yoki is gazi to‘planganda ovozli xabar beradi va gaz ta’minotini avtomatik to‘xtatadi.

Gaz bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha 1104 qisqa raqamli telefoni hamda “Xavfsiz gaz” Telegram-guruhlari orqali murojaat qilish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: