Germaniyada o‘tayotgan IAA Cars 2017 xalqaro avtosalonida Samsung’ning batareyalar ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish bilan shug‘ullanuvchi Samsung SDI bo‘limi elektr avtomobillarning yurish zaxirasini oshirishga imkon beruvchi yangi ko‘p funksional modul akkumulyator tizimini namoyish qildi. Samsung’da ta'kidlanishicha, bunday batareyalar mashinada bunday moduldan qancha o‘rnatilganiga qarab, yurish zaxirasini (avtomobilning bir quvvatlanishda bosib o‘ta oladigan yo‘li) 600-700 km gacha oshirishga imkon beradi.
“Istak bo‘lganda, modullar sonini o‘zgartirish mumkin”, deb aytilgan kompaniyada.
Misol uchun, qimmatbaho avtomobilda 20 ta modul o‘rnatilgan bo‘lsa, transport vositasi 600-700 km yo‘l bosib o‘ta oladi. Agar oddiy sedanga 10-12 ta modul o‘rnatilgan bo‘lsa, quvvat 300 km ga yo‘lga yetadi.
Electrek portalining ma'lum qilishicha, Nissan va GM kabi kompaniyalar o‘z avtomobillarida ko‘proq prizmatik yacheykalar qo‘llashadi. Samsung SDI esa joriy yilda yangi silindrik yacheykalar ishlab chiqarishni boshlagan.
Samsung batareyalari haqida boshqa qo‘shimcha ma'lumot berilmagan. Boshqa ishlab chiqaruvchilar oldida yuqorida va'da qilinayotgan yurish zaxirasi ancha hayratlanarli ko‘rinadi. Misol uchun, Tesla Model S modeli maksimal yurish zaxirasi 416 km ni, Chevy Bolt’niki esa 383 km ni tashkil qiladi. Biroq, rostini aytganda, real raqamlar tekshiruv vaqtida ancha kamtarroq chiqadi.