"Soliq kodeksi"ga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi QHTBT portalida joylashtirilgan bo‘lib, u soliq nazoratining yangicha shakli — soliq monitoringini nazarda tutadi. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.
Soliq monitoringi nima?
Soliq monitoringi deganda loyihada soliq to‘lovchilarga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda davlat soliq xizmati organlari (keyingi o‘rinlarda - DSXO) va halol soliq to‘lovchilar o‘rtasida kalendar yil mobaynida kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining shakli tushuniladi.
Soliq monitoringi mobaynida soliq va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblab yozilishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi nazorat qilinadi.
Davlat xizmatidan kim foydalanishi mumkin?
Soliq to‘lovchi soliq monitoringini o‘tkazish haqidagi ariza taqdim etilayotgan yildan oldingi yil yakunlariga ko‘ra mikrofirma va kichik korxona toifasiga kirmagan yoki o‘tgan yildagi tovar aylanmasi 10 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan taqdirda (agar jumlasiga kirsa) davlat soliq xizmati organiga soliq monitoringini o‘tkazish haqidagi ixtiyoriy ariza bilan murojaat etishi mumkin.
Soliq monitoringi haqidagi qaror qanday qabul qilinadi
Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza (DSQ tomonidan tasdiqlanadigan shakl bo‘yicha) soliq to‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan joy bo‘yicha DSXOga soliq monitoringi o‘tkazilishidan avvalgi yilning 1 iyulidan kechiktirilamasdan (ya'ni, kamida yarim yil oldin murojaat qilish talab etiladi – tahr.) beriladi.
Soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza bilan birga o‘zaro axborot almashish reglamenti ham taqdim etiladi (reglamentning shakli va talablari ham DSQ tomonidan tasdiqlanadi).
DSXO taqdim etilgan ariza va boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqib, 1 oktabrga qadar quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
1) soliq montoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror;
2) soliq montoringini o‘tkazishni rad etish to‘g‘risidagi qaror.
Rad etish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish uchun quyidagilarni tan olish taklif etilmoqda:
1) soliq to‘lovchi tomonidan soliq monitoringini o‘tkazish haqidagi hujjatlarning to‘liq hajmda taqdim etilmaganligi;
2) soliq to‘lovchining qo‘yilgan talablarga muvofiq kelmasligi (yuqoriga qarang);
3) o‘zaro axborot almashinuv reglamenti DSQ tomonidan tasdiqlangan shakl va talablarga mos kelmasligi.
Soliq montoringini o‘tkazish (o‘tkazishni rad etish) to‘g‘risidagi qaror qilinganidan keyin 5 kun ichida soliq to‘lovchiga yozma yoki soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda xabarnoma yuboriladi.
Shu tariqa, soliq monitoringini o‘tkazish uchun 3 ta hujjat asos bo‘la oladi: soliq to‘lovchining arizasi, soliq to‘lovchi va davlat soliq xizmati organi tomonidan tuzilgan o‘zaro axborot almashinuvi reglamenti hamda davlat soliq xizmati organining soliq monitoringini o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori.
Soliq monitoringi qanday o‘tkaziladi?
Soliq monitoringi uni o‘tkazish to‘g‘risida ariza berilgan yildan keyingi yilning 1 yanvaridan 31 dekabrgacha bo‘lgan davrni qamrab oladi. Ammo ushbu davr bo‘yicha ishlar 31 dekabrdan keyin - keyingi yilning 1 iyuniga qadar ham o‘tkaziladi.
DSXO soliq monitoringini o‘tkazishda soliq to‘lovchidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi bilan bog‘liq zarur hujjatlar (axborotlar), tushuntirishlarni talab qilib olish huquqiga ega bo‘ladi. Talab qilingan hujjatlar (axborotlar), tushuntirishlar 10 kunlik muddatda taqdim etilishi kerak.
Ularni taqdim etishning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda soliq to‘lovchi talabnoma olingan paytdan e'tiboran 3 kunlik muddatda tegishli DSXOni sabablarini va qaysi muddat ichida taqdim etishini ko‘rsatgan holda xabardor qiladi.
Hujjatlarni o‘rgangan va huquqbuzarliklarni aniqlagan DSXO soliq to‘lovchiga asoslangan fikrini yuboradi. Bundan tashqari, Soliq to‘lovchida soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi, to‘liq yoki o‘z vaqtida to‘lanishi bo‘yicha shubhalar yoki noaniqliklar mavjud bo‘lganda soliq monitoringini o‘tkazayotgan DSXOga asoslangan fikrni taqdim etish haqidagi so‘rovnoma yuboradi (so‘rovnomada o‘zining fikrini bayon etish ham talab etiladi).
Fikrni tayyorlash muddati – bir oygacha uzaytirilishi huquqi bilan 10 kunni tashkil etadi. Fikr tuzilgan vaqtdan boshlab 3 kun mobaynida soliq to‘lovchiga yuboriladi.
Soliq to‘lovchi asoslangan fikr bilan rozi bo‘lmagan taqdirda DSXO unga o‘z e'tirozlarini asoslangan fikr olingan kundan boshlab bir oy ichida taqdim etishni so‘raydi. E'tirozlarni olgan DSXOni ularni olgan kundan boshlab 3 kun ichida o‘zaro kelishuv jarayonini o‘tkazishni boshlash uchun yuqori turuvchi DSXOga yuborishi shart.
O‘zaro kelishuv jarayoni DSXOning yuqori turuvchi organi materiallarni olgan kundan boshlab bir oy ichida asoslangan fikrni tuzgan DSXO va e'tirozlarni taqdim etgan soliq to‘lovchi ishtirokida o‘tkaziladi. O‘zaro kelishuv jarayonining natijalariga ko‘ra tuzilgan xabarnoma 3 kun ichida soliq to‘lovchiga yuboriladi.
Soliq to‘lovchi uchun qanday imtiyozlar ko‘zda tutilgan?
Faoliyatida soliq monitoringi qo‘llanilgan soliq to‘lovchilarga nisbatan kameral nazorat va rejali soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi. Quyidagi holatlar bundan mustasno:
Loyiha o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.