Ispaniyaning ma'lumotlarni himoya qilish bo‘yicha boshqarmasi Facebook ijtimoiy tarmog‘iga 1,2 mln yevro jarima soldi. Bunga ijtimoiy tarmoqning yetarli darajada ogohlantirmasdan foydalanuvchilar haqida ma'lumotlar to‘plagani sabab qilib ko‘rsatilmoqda, deb yozadi The Telegraph.
Ispaniya hukumati o‘tkazgan surishtiruv natijalariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilar ma'lumotlarini, ulardan qanday foydalanishini bildirmasdan to‘plagan. Boshqaruv idorasiga ko‘ra, Facebook bu axborotlardan reklamani yo‘naltirishda foydalangan. Hukumatning aniqlashicha, Facebook g‘oyaviy, jinsiy, diniy mansublik, foydalanuvchilarning harakatlariga oid ma'lumotlarni to‘playdi. Surishtiruv chog‘ida bir nechta qonun buzilishlari aniqlandi.
Natijada kompaniyaga 2 holat uchun 300 ming yevro, yana bir holatda 600 ming yevro jarima yozildi. Bundan tashqari, Facebook ro‘yxatdan o‘tmagan foydalanuvchilarni ham kuzatgan. Shu bilan birga, kompaniya sahifasini o‘chirgan foydalanuvchilar haqidagi axborotlarni saqlash muddatlarini ham buzgan.