Mercedes-Benz ikkita yangi yo‘ltanlamas ishlab chiqaradi. Gap ixcham GLB va o‘rta o‘lchamdagi GLG krossoverlari haqida ketmoqda.
Mercedes-Benz GLB krossoveri haqida ma'lumot internetda bir necha yildan beri yurgan bo‘lsa-da, u bozorga 2019 yilda chiqarilishi rejalashtirilayotgani endigina ma'lum bo‘ldi. AutoBild nashrining ma'lum qilishicha, model keyingi avloddagi GLA negizida yaratiladi, biroq “to‘g‘ri to‘rtburchak ko‘rinishidagi” dizayn, tagi himoyasi va kattalashtirilgan klirens oladi.
Ma'lum qilinishicha, yangi mashina uzunligi 4,55 metr bo‘ladi, bu esa Mercedes-Benz GLA’nikidan 12 sm uzunroqdir. GLB o‘z sinfidagi mashinalar orasida eng katta yukxonalardan biriga ega bo‘ladi. Mashina yo‘ltanlamasga xos ko‘rinishga ega bo‘lishiga qaramay, uning standart versiyasi oldi privodli bo‘ladi. Shu bilan birga kompaniya avtomobilning yo‘ltanlamaslik ko‘rsatkichlarini kuchaytiruvchi off-roud paketini taklif qilishi kutilmoqda.
Mashinaning dvigatellari orasida 252 ot kuchiga ega dvigatel bo‘ladi. Shuningdek, 300 va 450 ot kuchiga ega dvigatellar bo‘lishi ham kutilmoqda. Shuningdek, mashina gibrid va elektr dvigatellarga ega bo‘lishi haqida gaplar yuribdi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Mercedes-Benz yana bitta yo‘ltanlamas – GLG modelini ishlab chiqarish istiqbollarini ko‘rib chiqmoqda. Model o‘lchamlari bo‘yicha keyingi avloddagi GLE’nikiga yaqin bo‘ladi, biroq G-Class uslubidagi ko‘rinishda yaratiladi.
Shuningdek, Mercedes-Benz’ning yana bir yangi modeli kichik o‘lchamli A-Class sedani bo‘ladi. Bu modelning ilk namoyishi bir necha kundan keyin Frankfurt avtosalonida bo‘lib o‘tadi.