Markaziy bank 4 sentabrda AQSh dollarining bozor mexanizmlariga muvofiq shakllantirilgan rasmiy kursini o‘rnatdi. Bu chora ko‘plab xavotirlar, mish-mishlar, sharhlar va taxminlarni tug‘dirdi. Kommersant.uz nashri ekspert fikri bilan tanishish maqsadida iqtisodchi Yuliy Yusupovga murojaat qildi.
– Markaziy bank belgilagan kursni qanday baholaysiz? U bozor kursiga muvofiqmi?
– Bozor kursi talab va taklif mutanosibligidan kelib chiqadi, shu sababli, bozor to‘laqonli ishlay boshlaganidan keyingina bozor kursi qanday bo‘lishini aytish mumkin. Taxminimizcha, kurs valyuta birjasida o‘rnatiladi. Bu jarayon endi boshlanyapti. Bozor kursi yaxshigina tebranishi mumkin, chunki talab ham, taklif ham ko‘p turli omillar ta'sirida o‘zgarishi mumkin. Albatta, aql doirasidagi diapazon bor, kurs o‘shaning chegarasida o‘ynaydi. Men bu 7000–8000 so‘m darajasida bo‘ladi, deb taxmin qilgandim. Kursni ushbu diapazonning yuqori chegarasida (8000–8100 so‘m) belgilab, MB, nazdimda, juda to‘g‘ri qaror qabul qildi va dollarga ajiotaj uyg‘onishining oldini oldi.
– Yaqin vaqt ichida AQSh dollari kursining sezilarli o‘sishini kutish kerakmi?
– Talab va taklif mutanosibligi o‘zgarishiga qarab kurs tebranadi. MB faqat keskin tebranishlar bo‘lmasligi uchungina aralashishini aytdi. Hozirda odamlar banklarga dollarni almashtirgani borishmoqda, belgilangan kurs ularni qoniqtiradi. Shu sababli tijorat banklarida dollar ortiqchaligi yuzaga kelishi va kurs biroz tushishi mumkin. Masalan, 7500 so‘mgacha. Shuningdek, ajiotajli talab uyg‘onib, kurs biroz ko‘tarilishi, misol uchun, 8300 ga chiqishini ham kutsa bo‘ladi. Lekin yaqin vaqt ichida dollarning keskin, masalan, 9000 so‘mgacha ko‘tarilishi uchun sabablarni ko‘rmayapman. Binobarin, qisqa muddatli istiqbolda kurs tebranishining eng ehtimoli katta diapazoni: 7500–8300.
– Iste'mol tovarlari va xizmatlari narxi haqida nimalar deya olasiz? Ularning ko‘tarilishi kutiladimi?
– Iste'mol tovarlari va xizmatlariga narxlar qachon ko‘tarilishi mumkin? Import narxi oshganda, ya'ni import tovarlar va xizmatlar olib kelinadigan kurs devalvatsiyasi ro‘y berganda. Ikki-uch oy oldin bizda rasmiy kurs ($1 uchun taxminan 4000 so‘m), qora bozor kursi ($1 uchun taxminan 8000 so‘m) va birja kursi ($1 uchun 10 000 so‘m) bor edi. Bozordagi import tovarlar narxlari ikki kurs bo‘yicha shakllantirilardi: naqdsiz hisob-kitobda – birja kursidan kelib chiqib, naqd savdoda – bozor kursiga tayangan holda. Hatto, importchi rasmiy kurs bo‘yicha valyuta xarid qilganda ham, baribir tovarlarni 8000–12 000 so‘mlik kursga bog‘lab sotardi. Demak, aksariyat import tovarlar yangi kursda oshmasligi kerak. Ba'zilari hatto arzonlashishi yoki, har holda, ancha vaqt narxi ko‘tarilmay turishi mumkin. Bu – inflyatsiya bo‘lmaydi, degani emas. Aftidan, inflyatsiya davom etaveradi, chunki uning yuzaga kelishi sabablari bartaraf etilmagan. Lekin inflyatsiya valyuta bozori liberallashuvidan qat'i nazar ro‘y beradi.
– Mobil operatorlar, provayderlar, “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va GM Uzbekistan narxlarni eski kurs bo‘yicha so‘mda qayd etishga o‘tdilar. Bu chora dollarizatsiyaga qarshi kurashda samara beradimi? Ushbu darajada qanchalik uzoq vaqt narxlarni ushlab tura oladilar, deb o‘ylaysiz?
– Ushbu tovarlar va xizmatlar so‘mda sotilsa ham, tariflar dollarda, rasmiy kurs bo‘yicha olib borilardi. Kompaniyalar so‘mda tariflashga o‘tdilar. Bunda devalvatsiyaga qadar bo‘lgan kursda narxlarni qayta ko‘rib chiqishgani juda oqilona ish bo‘ldi, aks holda aholi ikki barobar ko‘p haq to‘lashiga to‘g‘ri kelardi. Kompaniyalar so‘mning rasmiy kursi devalvatsiyalangani uchungina tariflarni ikki barobar ko‘tara olmasliklari faktini tan oldilar. Shu sababli, narxlar qayd etib qo‘yilgan, deganda ular rasmiy kurs bilan birga ko‘tarilmasligi nazarda tutiladi. Lekin bu – ushbu tovar va xizmatlar uchun narxlar mutlaqo o‘zgarmaydi, degani emas. Ular talab va taklif o‘zgarishi, shuningdek umumiy inflyatsiya sababli o‘zgaradi.
– Bojxona bojlariga yangi kurs va so‘m devalvatsiyasi qanday ta'sir ko‘rsatadi?
– Bojxona bojlari va boshqa bojxona to‘lovlari so‘mda, rasmiy kurs bo‘yicha to‘lanadi. Ya'ni, uyali operatorlar va provayderlar tariflarida bo‘lishi kutilganidek, ular ham so‘mda ikki barobarga o‘sishi kerak bo‘lardi. Bu esa, import tovarlarda, ko‘plab yo‘nalishlarda anchayin sezilarli darajada, narx ko‘tarilishini anglatadi. Ammo Prezident farmonida bir hafta muddatda hukumat bojxona to‘lovlarini narxlarga ta'sir ko‘rsatmaydigan qilib optimallashtirish taklifini tayyorlashi kerakligi aytilgan. E'tiborli jihati shundaki, hukumat liberallashuv choralaridan oldinroq bojxona to‘lovlarini ko‘rib chiqish jarayonini boshlab yuborgandi: ular yo pasaytirilgan yoki, hatto, bir qator asosiy iste'mol tovarlari uchun bekor ham qilingandi. Yaqin kunlarda boshqa bojxona to‘lovlarini pasaytirish bo‘yicha ham qarorlar qabul qilinishini kutish mumkin.
– Erkin konvertatsiyaga o‘tish samarali va og‘riqsiz o‘tish uchun yana qaysi jihatlarni inobatga olish kerak? Rasmiy bozor kursiga egamiz, konvertatsiya ochilgan. Keyingi qadam qanday bo‘lishi kerak?
– Hukumat liberallashuvda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asosiy og‘riqli nuqtalar ehtimolini hisobga olishga harakat qildi: bojxona to‘lovlarini so‘mdagi ifodasi o‘sib ketishi, tariflari dollarda belgilanadigan tovar va xizmatlarga narxlar ko‘tarilishi. Bularning bari to‘g‘ri qilindi. Lekin yana bir muammo bor: qator import tovarlar yetkazib berilishi monopoliyalashgan. Bu monopoliyalar, asosan, imtiyozlar: rasmiy kurs bo‘yicha konvertatsiyadan foydalanish, soliq to‘lovlaridan ozod qilish yoki ma'muriy resurs ishga solinishi tufayli shakllangan. Almashinuv kurslarining birxillashtirilishi va bojxona to‘lovlarining keskin qisqarishi ba'zi mana shunday tarmoqlardagi monopoliyalarni parchalab yuborishi mumkin. Lekin bu tez kechadigan jarayon emas. Monopoliyalar bartaraf etilmagan ekan, monopolchilar o‘z bozorlarida narxlarni ko‘tarishga urinishlari mumkin. Mana shunday sun'iy monopoliyalar shakllangan tarmoqlar va bozorlarda raqobatni kuchaytirish uchun shu haqda mulohaza qilish kerak. Bu ham inflyatsiyani jilovlash, ham raqobatni rivojlantirish nuqtai nazaridan muhimdir.
– Qora bozor qanday munosabatda bo‘ladi? Valyutachilar rasmiy kursdan yuqoriroq narxni ushlab turadilarmi?
– Bugunga kelib tadbirkorlar banklar orqali valyutani erkin sotishlari va muayyan maqsadlar: import, valyutada olingan (masalan, jihoz xarid qilish uchun olingan) qarzni to‘lash, foydani repatriatsiya qilish (bu chet ellik investorlar uchun kerak) uchun valyuta olishlari mumkin. Bular bari joriy amaliyotlar uchun konvertatsiya deb ataladi. Aholi valyutani sotishi mumkin, lekin hozircha naqd xorijiy valyutani sotib ololmaydi – faqat kartochkaga tushirib beriladi. Naqd valyuta xarid qilishga cheklov haqidagi fikrim – bu vaqtinchalik chora deb o‘ylayman.
Shu tariqa, bozorning asosiy ishtirokchilari valyuta oldi-sotdisi bo‘yicha o‘z ehtiyojlarini banklar orqali qondira oladilar. Faqat aholining naqd valyutaga talabi qondirilmay qoladi. Shu sababli qora bozorga naqd dollar kerak bo‘lganlar boradilar.
Qora bozor saqlanib qoladi, faqat rasmiy va qora kurslar o‘rtasidagi farq arzimas bo‘ladi.
– Qora bozorni yo‘q qilib, valyuta bozorini to‘liq legallashtirish uchun nima qilish kerak?
– Bu farqni yo‘q darajaga keltirish uchun aholiga naqd dollarni ham xarid qilish imkonini berish kerak. Menimcha, qanchadir vaqt o‘tgach, bu amalga oshadi. MB ehtiyotkorlik ko‘rsatib, aholi uchun erkin konvertatsiyani bosqichma-bosqich joriy etishga qaror qildi. Qora bozorga kelsak, u yana uzoq vaqt, lekin qiyoslab bo‘lmaydigan darajada kichik miqyosda davom etadi va almashinuv kurslarida ham farq arzimas bo‘ladi.
– O‘quvchilar savollaridan: “Yuridik shaxslar, mijozlar va jismoniy shaxslarga valyuta sotish uchun banklarni valyuta bilan moliyalashtirish mexanizmi qanday ishlaydi? Banklarga likvidlik beruvchi ishchan bozor bo‘lmagach, banklarda yetarlicha valyuta bo‘lmasligi xatari yuzaga keladi”.
– Farmonda va MB bayonotida keltirilganidek ishlar amalga oshirilsa, valyuta yetishmasligi xatari mutlaqo bo‘lmaydi. Bu yerda ham, boshqa bozorlarda bo‘lgani kabi, talab va taklif qonuni ishga tushadi. Bozorga valyutani kim olib kiradi? Birinchi navbatda, eksportchilar. Ular, ishchilarga maosh to‘lash, xom ashyo xarid qilish, elektr energiyasi va boshqa xizmatlar haqini to‘lash, foydani O‘zbekistonda ishlatish uchun valyutani sotishlari kerak. Ikkinchidan, mehnat migrantlari. Uchinchidan, mamlakatimizda zavodlar quradigan, ishchilar yollaydigan, jihozlar xarid qiladigan xorijiy investorlar. Ular valyutani so‘mga aylantiradilar. Mana, shular – valyuta taklifining asosiy manbalari.
Valyutaga talab bor. U kimga kerak? Importchilarga. Chet elga dam olishga borish niyatidagi insonlarga. Jamg‘armalarini xorijiy valyutada saqlamoqchi bo‘lganlarga (chunki milliy valyutaga hozircha ishonchimiz kam).
Talab ham, taklif ham almashinuv kursiga bog‘liq: agar dollar ko‘tarilsa, valyuta taklifi ortadi, talab kamayadi va aksincha. To talab va taklif o‘rtasida muvozanat o‘rnatilmagunicha, almashinuv kursi tebranib boraveradi – bu holat har qanday boshqa bozorda (kartoshka, poyabzal, sartaroshlar xizmati va b.) ham kuzatiladi. Agar talab taklifga muvofiq kelsa, valyuta qanday qilib yetmasligi mumkin?
– Konvertatsiya kiritilganidan keyin iqtisodiyotning dollarizatsiyasi kuchaymaydimi?
– Iqtisodiyotimiz aynan konvertatsiya yo‘qligi va valyuta doimo yetishmasligi sababli kuchli darajada dollarlashgan. Uy sotib olish kabi yirik bitimlar haligacha dollarda amalga oshiriladi. Ko‘plab tovarlar rasman dollarda sotilgan: aviachiptalar, paxta, tola va boshqalar. Uyali aloqa operatorlari va internet-provayderlar tariflarining dollardaligi – bu ham dollarizatsiya yuqori darajada bo‘lganligining belgisidir. Qo‘shni Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘izistonda uyali va internet-aloqa milliy valyutada tariflanadi. Dollarizatsiyaning yuqori bo‘lganligi aynan valyuta tanqisligi, uni olishning murakkabligi bilan bog‘liq edi. Erkin konvertatsiya dollarlashuvning ko‘plab sabablarini bartaraf etadi. Lekin hammasini ham emas.
Dollardan jamg‘arma vositasi sifatida faol foydalanishning asosiy sababi – nisbatan yuqori inflyatsiya va bank tarmog‘ining kuchsiz tijoratlashganligidir. Narx o‘sishi milliy valyutani qadrsizlantiradi va aholi jamg‘armalarini chet el valyutasida saqlashni afzal biladi. Banklar esa milliy valyutada pul qo‘yishning foydali variantlarini taklif qilmaydilar. Fikrimcha, kutilayotgan bank islohoti (u yaqin orada boshlanishini taxmin qilaman) banklarning imkoniyatlarini kengaytiradi, bank tarmog‘ida raqobatni kuchaytiiradi va banklarni aholiga va biznesga yanada foydaliroq so‘mdagi moliyaviy vositalarni taklif etishga majbur qiladi.