Prezidentning 29.08.2017 yildagi PQ-3246-son “Kimyo sanoati tashkilotlarining eksport-import faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
«O‘zkimyosanoat» AJ tizimida eksport-import operatsiyalari bo‘yicha yagona agent - «O‘zkimyoimpeks» MChJ tashkil etildi (manzili: Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 38-uy).
2017 yil 1 oktabrdan e'tiboran ushbu kompaniya orqali «O‘zkimyosanoat» AJ tashkilotlarining kimyoviy mahsulotlari eksport qilinadi (bundan haq to‘langan kontraktlar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish mustasno). Shuningdek, bu «Maksam-Chirchiq» AJ, «Ammofos-Maksam» AJ va «Elektroximzavod» AJga O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan mahsulotlarni eksport qilish hajmlari qismida va xorijiy aksiyadorlar bilan kelishgan holda boshqa hajmlarga daxl qiladi.
«O‘zkimyosanoat» AJ tashkilotlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallarni import qilish 2018 yil 1 yanvardan boshlab «O‘zkimyoimpeks» MChJ orqali amalga oshiriladi. Bundan ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun qimmatbaho metallar bo‘yicha operatsiyalar istisno qilinadi.
Bunda «O‘zkimyoimpeks» MChJga:
• mahsulotlarni eksport qilish va mahsulotlarni «O‘zkimyoimpeks» MChJning xorijdagi savdo uylari manziliga vositachilik shartnomalari asosida yetkazib berish uchun;
• «O‘zkimyosanoat» AJ tashkilotlari buyurtmalari asosida ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun xorijda asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xom ashyo va materiallarni xarid qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontraktlar (shartnomalar) tuzishga ruxsat berildi.
Bunda «O‘zkimyoimpeks» MChJning eksport qilishda vositachilik miqdori kontrakt (shartnoma) qiymatining 2%ini, importda esa 1%ini tashkil etadi.
Yangi kompaniyaga va ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga xorijiy valyutaga o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni, shu jumladan markazlashmagan yetkazib berish bo‘yicha eksport qilayotgan korxonalar uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari va preferensiyalari tatbiq etildi.