O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi doirasida, 2017 yilning 5 sentabr kuni Bishkekda qirg‘iz-o‘zbek biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Biznes-forum ishida O‘zbekistondan 20dan ortiq va Qirg‘izistondan 40dan oshiq kompaniyalar ishtirok etdi.
O‘zbekistondan Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi vakillari ham kelgan.
Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi prezidenti Marat Sharshekeyevning ta'kidlashicha, ikki davlatda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun iqtisodiy imkoniyatlar va barcha sharoitlar bor.
«2017 yilning birinchi yarim yilligida ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi ikki barobarga oshdi, hamda biz bu raqam yil oxiriga kelib 280 mln.ni tashkil etishini kutmoqdamiz. O‘zbekiston tomonining birinchi shunday o‘ziga xos amaliy tashrifi savdo-iqtisodiy munosabatlarning yangi bosqichini boshlab beradi», - degan Sharshekeyev.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov shunday dedi: «Biz bugungi Biznes-muloqotning har bir ishbilarmon-ishtirokchisiga ehtimoliy sherikni izlab topishda yordam beramiz. O‘zbekiston biznesi Qirg‘izistondan bo‘lgan hamkasblar bilan hamkorlikka ochiq».
«Biz kon-ruda korxonalari mahsulotlarini import qilish, qandolat mahsulotlari, oziq-ovqat mahsulotlari, maishiy texnikani ishlab chiqarish, avtomobil shinalarini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishga tayyormiz. O‘zbekiston Strategiyasida qo‘yilgan vazifalardan biri – Qirg‘iziston bilan tovar aylanmasini yiliga 500 mln dollarga qadar oshirish, hamda bunga erishish mumkin, deb o‘ylayman», - deya qo‘shimcha qildi u.