O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan Toshkent viloyatining «Angren» EIZda qurilayotgan rezinotexnika buyumlar zavodida Mustaqillik bayramining 26 yilligiga bag‘ishlab avtomobil shinalarining birinchi tajriba partiyasi ishlab chiqarildi. Bu haqda «O‘zkimyosanoat» AJ sayti ma'lum qilingan.
Bundan ikki yil muqaddam, 2015 yilning 28 avgustida konveyer lentalar, avtomobil va qishloq xo‘jalik texnikasi uchun shinalar ishlab chiqarishni tashkil qilish loyihasining qurilish ishlari boshlanishi munosabati bilan tantanali marosim o‘tkazilgandi. Qurilayotgan korxona «O‘zkimyosanoat» AJ (50 foiz), «O‘zavtosanoat» (30 foiz), «Navoiy KMK» DK (10 foiz) hamda «Olmaliq KMK» AJ (10 foiz) tomonidan ta'sis qilindi.
Shu yilning noyabrida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan zavodni barpo etish jarayoni bugungi kunga kelib yakuniy bosqichga kirib, jadal sur'atlar bilan jihoz-uskunalar montaji hamda ularni sozlash va ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.
Rezinotexnika buyumlar zavodi ishga tushirilishi bilan dastlabki bosqichda 3 million dona avtomobil shinalari, 10 ming metr konveyer lentalari hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun 200 ming dona shinalar ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa o‘z navbatida respublikaga 200 million dollar miqdorida import orqali olib kelinadigan rezinotexnika buyumlar hajmi keskin qisqarishiga olib keladi.