Bitkoin kriptovalyutasi nima o‘zi va u qanday vujudga kelgan? U qaysi davlat yoki tashkilot tomonidan boshqariladi? Unda to‘lovlar qanday amalga oshiriladi? Nima uchun uning qiymati kun sayin ortib bormoqda? Uni qanday sotib olish mumkin, degan savollar bugun, deyarli butun dunyoning yirik sarmoyadorlaridan tortib oddiy aholisigacha qiziqtirayotgani hech kimga sir emas. Ushbu maqolada yuqoridagi barcha savollarga yetarlicha javob berishga harakat qilamiz.
FAKT: Agar Siz 2010 yilda 0.003 kurs bo‘yicha 100 dollarga bitkoin sotib olganingizda bugungi kunga kelib uning qiymati 153 mln. dollardan oshgan bo‘lar edi.
Barcha fikr pul va uning atrofida ekan, yuqoridagi savollarga javob berishdan oldin, avvalo pul va uning turlari haqida qisqacha ma'lumot berish o‘rinli, deb o‘ylaymiz. Pul – biror bir mamlakatning yoki kelishuv asosida bir nechta davlatning tovar va xizmatlar oldi-sotdisi uchun umumiy ekvivalent sifatida qabul qilinadigan valyuta bo‘lib u qog‘oz, metall yoki elektron ko‘rinishda bugungi kun iqtisodiyotida amal qiladi. Valyutaning eng muhim jihatlaridan biri unda emissiya qiluvchi (pul chiqaruvchi) biror bir muassasa (O‘zbekistonda bu Markaziy bank) belgilanadi va tegishli qonunga muvofiq to‘lovlarda belgilangan hududlarda o‘z qiymatida qabul qilinishi qat'iy belgilanadi. Bugungi kundagi pullar fiat pullar (nominal qiymati real qiymatidan katta farq qiladigan pullar) hisoblanib, ularni muomalaga chiqarish uchun sarflanadigan xarajatlar odatda pul ustida ko‘rsatilgan qiymatdan ancha arzon bo‘ladi (Masalan, AQShda 100 dollarlik kupyurani chiqarish uchun 14 sentlik xarajat ketadi).
Yarim asr oldin pullarning qiymati oltin bilan ta'minlangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ular mamlakatda yaratilgan mahsulot va xizmatlar umumiy yig‘indisi bilan ta'minlanishi belgilangan. Biroq, naqdsiz pullar bilan amalga oshiriladigan har bir tranzaksiya (pul o‘tkazishlari amaliyoti) bevosita biror bir moliya muassasi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bunda o‘ziga xos nazorat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, xavfsizlik va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun moliyaviy vositachilar (banklar, birjalar va b.) komission haq olib qolishi belgilangan. To‘g‘ri, naqd pul bilan hech qanday haq to‘lamasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘lovlarni amalga oshirish mumkin, biroq bu yirik bitimlarda va uzoqdagi hamkorlar bilan amalga oshiriladigan to‘lovlar uchun juda noqulay hisoblanadi. Ustiga ustak naqd pullarning qalbaki bo‘lib chiqish xavfi ham mavjud.
Yigirma birinchi asr axborot texnologiyalari asri bo‘lgani uchun kompyuter va internet texnologiyalari shiddat bilan rivojlanishi oqibatida to‘lovlarni mukammallashtirish va tobora osonlashtirish ustida bir qancha ishlar olib borildi. An'anaviy to‘lov instrumentlari bo‘lmish mamlakatlar valyutasi bilan bo‘ladigan internet tarmog‘i orqali mamlakatlararo to‘lovlarda bir qancha o‘ziga xos muammolar mavjud edi. Bular:
- to‘lovni amalga oshirishda albatta banklar tomonidan belgilangan yuqori komission haqni to‘lash;
- tomonlarning to‘liq rekvizitlari (manzili, hisobraqami, F.I.Sh. va b.) o‘zaro oldi-sotdi qilayotgan shaxslardan tashqari albatta uchinchi tomonga (bank) ma'lum bo‘lishi;
- to‘lovlarni markazlashgan holda qaysidir tashkilotlar tomonidan boshqarilishi;
- ayrim holatlarda to‘lovlarni amalga oshirilgach, bekor qilish ham mumkinligi tufayli sotuvchi ham ishonch hosil qilish uchun ko‘proq ma'lumotlar so‘rashi kerak bo‘ladi va boshqa holatlar.
Yuqorida keltirilgan barcha kamchiliklarni yecha oladigan bir tizim sifatida ilk kriptovalyutalar bitkoin vujudga keldi. U 2009 yil 3 yanvarda o‘zini Satoshi Nakamoto deb nomlagan bir yoki bir necha shaxslar tomonidan yaratilgan, biroq uning ishlash tizimi va o‘ziga xos jihatlari haqidagi dastlabki maqola Satoshi Nakamoto muallifligida «Bitkoin – elektron to‘lovlarga teng raqamli tizim» («Bitcoin: A Peer-to-Peer Electronic Cash System») sarlavhasi bilan 2008 yil 31 oktabrda chop etilgan. Satoshi Nakamoto ismi ortida turgan kishi yoki bir guruh insonlarning kim ekanligini aniqlash uchun olib borilgan barcha harakatlar zoye ketgani bois, bugungi kunga kelib shu buyuk bitkoinning haqiqiy yaratuvchisi kim ekani noma'lum hisoblanadi.
Bitkoin kriptovalyutasi–bu ishonchga emas, balki kriptografik kodlash tizimiga asoslangan, o‘zaro hech qanday vositachilarsiz (bank yoki boshqa moliyaviy instrumentlar) to‘lovlarni bevosita ishtirokchilar o‘rtasida amalga oshirilishini ta'minlovchi to‘lov tizimi valyutasidir. Bunda nazorat qiluvchi organlarsiz, tangalarning haqiqiyligi murakkab matematik algoritmlar asosida tasdiqlanadigan tizim amal qilgan holda ishtirokchilarning har biri ushbu tangalarni emissiya qilishi ham mumkin.
Bitkoinning o‘ziga xos jihatlari:
- markazlashmagan tizim – bunda har bir ishtirokchi teng huquq va imkoniyatlarga ega;
- hisob-kitoblarning to‘liq shaffofligi – har bir ishtirokchi barcha tranzaksiyani ko‘rishi mumkin;
- nazoratning yo‘qligi – hech bir davlat yoki tashkilot tizim ichidagi operatsiyalarni nazorat qila olmaydi;
- sirlilik – tizim ishtirokchilar haqidagi ma'lumotlarni tasdiqlanishini so‘ramaydi;
- tangalarni emissiya qilish cheklangan – jami bo‘lib 21 000 000 BTC (bitkoin tangasi) chiqariladi;
- balans ikki yoqlama yozuv asosida bo‘lmaydi, balki barcha tranzaksiyalar xronologik tartibda barcha ishtirokchilarda ko‘rinadi;
- inflyatsiyaga uchramaydi, qiymati talab va taklifga qarab o‘zgaradi;
- yuridik jihatdan hech qanday asos mavjud emas.
Bitkoin va u bilan bog‘liq operatsiyalar amalga oshirilish uchun faqatgina internet tarmog‘iga ulangan ishtirokchilarning mavjud bo‘lishi kifoya. Bu qaysidir ma'noda oldindan mavjud torrent tizimida ishlovchi ishtirokchilar o‘zaro fayllar almashinuviga ham o‘xshab ketadi. Faqat bu tizimda fayllar o‘rnida maxsus kriptografik kodlar heshlangan holda bloklarga yig‘iladi. Bloklarning vaqt bo‘yicha to‘g‘ri ketma-ketlikda tuzilish esa blokcheyn (bloklar zanjiri) texnologiyasini yuzaga keltiradi.
Har bir ishtirokchi o‘zi amalga oshiradigan tranzaksiyani ommaviy kalit va maxfiy kaliti orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutiladi. Ommaviy kalit orqali bo‘ladigan harakatlar va tranzaksiyalar umumiy tizimda barcha ishtirokchilar tomonidan qayd etib boriladi. Maxfiy (yopiq) kalit orqali kelib tushgan pul mablag‘lari yoki chiqib ketadigan pul mablag‘lari tasdiqlanadi. Bu tranzaksiyalarni amalga oshirish va umuman boshqa har bir tranzaksiyani ishlov bergan holda saqlab olish uchun zamonaviy yuqori ko‘rsatkichli parametrlarga ega bo‘lgan (videokarta ishlov tezligi va protsessor chastotasi yuqori bo‘lgan) kompyuterlar va internet bo‘lishi talab etiladi.To‘liq kuchlanishda ishlashi uchun esa kompyuterlar ko‘proq energiya sarfini talab etadi. Ushbu xarajatlarni sarflash orqali ishtirokchilar nimaga erishadilar, degan savolga quyidagicha javob berish mumkin.
Ishtirokchilar buning uchun rag‘batlantirish sifatida yangi bitkoin tangalari yoki komission haq olish imkoniga ega bo‘ladilar. Aslida ishtirokchilar soni qancha ko‘paygani sari bitkoin tangalarini yaratish ham shuncha qiyinlashib boraveradi. Buni ishtirokchilar xuddi oltin qazib olgani singari - Mayning qilish, deb nomlashadi. Bugungi kunga kelib mayning qilish uchun butun boshli zavodlar binolaridan foydalangan holda doimiy ravishda ishlab turuvchi yirik serverlardan iborat o‘ziga xos «mayning fermalari» yaratilgan. Kim avvalroq shu ishga qo‘l urgan bo‘lsa, hozirda barcha xarajatlarini qoplagan holda, bir necha million dollarlik daromadga ega bo‘lgan. Biroq kim kech boshlagan bo‘lsa, ularda bu xarajatlar hali qoplanmagan.
Yuqorida bitkoin bilan amalga oshiriladigan to‘lovlarning o‘ziga xos jihatlari haqida ma'lumot berildi. Endi nima uchun uning qiymati so‘nggi vaqtlarda yuqori sur'atlar bilan oshayotgani haqida to‘xtalsak. Aslida bitkoin tangalarini yaratish uchun sarflanadigan xarajatlar bunchalik katta emas, biroq xuddi oltin yoki neftni qazib olishdagi tashkilotlar ko‘payishi va ushbu resurslarning kamyob topilishi bois narxi oshgani singari bitkoinni ham so‘nggi vaqtlarda mayning orqali hosil qilish murakkablashgan holda butun bir boshli «mayning fermalari»dagi bir necha kunlik to‘xtovsiz amaliyot natijasida bor yo‘g‘i bir nechta bitkoin hosil bo‘layotgani hamda bitkoinlar maksimal soni chegaralangani (21 000 000) narxning ko‘tarilishiga turtki bo‘lmoqda. Biroq bundan boshqa yana eng katta sabablardan biri bitkoinni Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya singari rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotida rasman to‘lov vositasi sifatida qabul qilinishi ushbu bitkoin tangalariga nisbatan talabni chunonan kuchaytirdiki, 2017 yilning o‘zida yil boshiga nisbatan 510 foizlik o‘sish ko‘rsatkichiga erishildi (998 AQSh dollaridan 5000 AQSh dollarigacha o‘sdi).
Bugun dunyodagi yetakchi birjalar va yirik banklar ham bitkoinning oldi-sotdisini treyding tizimida yo‘lga qo‘yishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Garchi kriptovalyutalarning gurkirab rivojlanishi butun jahon moliyaviy-iqtisodiy tizimiga katta ta'sir qilgan holda mavjud bo‘lgan tizimni yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa ham, ayni paytda katta daromad ko‘rish istagida bo‘lgan investorlar bitkoinning rivojlanishidan manfaatdor bo‘lishmoqda. Shuningdek, bitkoin tangalarini gurkirab rivojlanishidan eng ko‘p manfaat ko‘ruvchi insonlar – bu yashirin iqtisodiyotda faoliyat yurituvchi investorlardir. Aynan shuning uchun ham hozirda bir nechta iqtisodi rivojlangan davlatlar bitkoin orqali turli noqonuniy va jinoiy faoliyatlarning rivojlanib ketishi oldini olish maqsadida bitkoinni to‘lov vositasi sifatida qabul qilishmayapti.
Bitkoinni xarid qilish masalasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, hozirgi vaqtda uni bir nechta maxsus birjalar va umuman har qanday bitkoinga ega bo‘lgan ishtirokchidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish yo‘llari mavjuddir. Unda bitkoinning qiymati ishtirokchilar o‘zaro kelishgan narxda amalga oshiriladi. To‘lovlar agar birjalar orqali amalga oshirilsa, xalqaro VISA, Master Card kartalari orqali va Webmoney, Qiwi, Perfect Money, Advcash, Payeer, Paypal va boshqa elektron hamyonlar orqali sotib olish mumkindir.
Quyida bitkoin va kriptovalyutalar bo‘yicha eng ko‘p beriladigan savollarga javoblar bilan tanishishingiz mumkin:
Bitkoinlarni hech kim o‘g‘rilay olmasligi rostmi?
Yo‘q, rost emas. Birja egalari tomonidan ommaviy o‘g‘irliklar bo‘lganligi va hakerlar xujumi natijasida bitkoinlar yo‘qotilgani holatlari kuzatilgan.
Bitkoinlarni hech kim olib qo‘ya olmasligi rostmi?
Yo‘q, birjaning qaroriga ko‘ra jamlab qo‘yilgan tangalaridan ayrilgan holatlar bo‘lgan.
Kurs har doim o‘sib boradimi?
Barchasi amaldagi shart-sharoitga bog‘liq. Birjadagi qallobliklar, foydalanuvchilar va mamlakatlarning turli xatti-harakatlari kursni ko‘tarishi va xuddi shu tartibda tushirishi ham mumkin.
Rasmiy kriptovalyutalar paydo bo‘lsa nima bo‘ladi?
Unda rasmiy kriptovalyutalar amaldagi kriptovalyutalarda aylanayotgan pullarni o‘ziga tortib olishi mumkin. Chunki uning ishonchlilik va himoyalanganlik darajasiga nisbatan ishonch yuqori bo‘ladi.
Mayning qilishda men hech narsa yutqazmaymanmi, doimo foydaga ishlaydimi?
Afsuski, bozordagi videokartalarning sifati turlicha bo‘lib, ularning barchasi ham ko‘zlangan daromadni bermasligi mumkin. Ayniqsa agar mayning jarayoni kech boshlanadigan bo‘lsa hattoki sarflangan xarajatlarni qoplay olmasligi ham hech gap emas.
Videokartalar narxlarining ko‘tarilishi qachongacha davom etadi?
Bu narxlar avvalgi holiga qaytishi uchun yana kamida yarim yil kerak bo‘ladi. Darhaqiqat mayning qilish boshlangandan beri videokartalar narxi ikki-uch baravar qimmatlashdi. Biroq oddiy videokartalar narxi endilikda eski narxlarida qolishi ko‘zda tutiladi. Yangi maxsus mayning uchun mo‘ljallangan videokartalarning bozorga kirib kelishi esa raqobat natijasida oldingi narxlardan farq qilishi mumkin.
Kriptovalyutalar portlashi qachongacha davom etishi mumkin?
Toki xalqaro moliya institutlari aralashmagunga qadar. Agar kriptovalyutalar xalqaro tan olinadigan bo‘lsa, qonuniy asosga ega bo‘ladi va hozirgi erkinlikning bir qismidan mahrum bo‘linadi.
Yuqorida ta'kidlangan fikrlarga qaramasdan blokcheyn va kriptovalyutalar zamonaviy texnogen jamiyati rivojlanishida va yagona jahon hamjamiyati taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, algoritmlar egalari, videokartalar ishlab chiqaruvchilari, chayqovchilar va birja egalari olayotgan ushbu tangalar orqasida erkin konvertatsiya qilinadigan dollarlar turibdi.
Bundan keyin nima bo‘lishidan qat'i nazar aynan ular yutuqqa ega bo‘lishadi. Agar xohlasa u yoki bu algoritmni yopib qo‘yishadi, xohlasa ma'lum bir qism tangalarni chiqarib olishadi yoki rag‘batlantirish hisob-kitobi va o‘yin qoidalarini o‘zgartirishadi.
Agar xohlasa foydalanuvchilarni yig‘ilgan boyliklarining bir qismidan mahrum qilishadi (masalan, o‘z foydalariga o‘zlashtirish orqali).
Har yili 22 may kuni barcha bitkoin egalari Bitkoin pitssa kuni (Bitcoin Pizza Day)ni nishonlashadi. Aynan shu kun 2010 yilda chexiyalik Lazlo Xanesh bitkoinga dastlabki haqiqiy savdoni amalga oshirgan. U o‘z dasturchi o‘rtog‘iga 10 000 bitkoin o‘tkazib bergan va o‘rtog‘i o‘z navbatida Papa John's restoranidan ikkita pitssa buyurtma qilgan. O‘sha vaqtda bir bitkoin 0.003 AQSh dollariga teng bo‘lgan va ikkita pitssaning jami qiymati 30 dollar bo‘lgan. Taqdirni qarangki, bugungi kunda bir bitkoinning narxi 4600 dollardan oshmoqda. Mana bitkoynning dollarga nisbatan qudrati qanchalik yuqori ekanligi isboti.
Agar siz 2010 yilda 0.003 kurs bo‘yicha 100 dollarga bitkoin sotib olganingizda bugungi kunga kelib uning qiymati 153 mln. dollardan oshgan bo‘lar edi.
Biroq bitkoin yagona kriptovalyuta emas, boshqa bir qancha turdagi o‘ziga xos kriptovalyutalar ham mavjud bo‘lib, ular haqida keyingi maqolada batafsil to‘xtalamiz.
Mansur Tangishov, moliyachi-ekspert