Oq uy rahbari Donald Tramp o‘z maslahatchilariga AQShning Janubiy Koreya bilan erkin savdoga doir kelishuvdan chiqishiga tayyorgarlik ko‘rish topshirig‘ini bergan. Bu haqida Amerika prezidentiga yaqin manbalarga asoslanib, The Washington Post xabar berdi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bu AQShning ittifoqdoshi bilan iqtisodiy tanglikning kuchayishiga olib keladi - hozir Seul va Vashington Shimoliy Koreyaning yadroviy muammosiga oid boshqa liniya bo‘yicha yaqin hamkorlik qilmoqda.
Savdo kelishuvidan chiqish Trampning bundan avval bergan "boshqa mamlakatlardagi insofsiz savdo raqiblari bilan hamkorlikdan voz kechish" va'dalarini tasdiqlamoqda. Uning milliy xavfsizlik va iqtisodiyot bo‘yicha maslahatchilari uni Seul bilan hamkorlikdan voz kechmaslikka undab, bu AQShning iqtisodiy o‘sishiga xalaqit berishini ta'kidlashmoqda.
Oq uyda bu mavzu atrofidagi bahs-munozaralar davom etayotgani tasdiqlangan. Maslahatchilar Koreya yarim orolidagi bunday xavfli vaziyatda Seulga ziyon yetkazmaslik maqsadida ham Trampni kelishuvdan chiqmaslikka undashmoqda.
"Tramp olov bilan o‘ynashmoqda. Janubiy Koreyada yangi prezident bo‘lsa, uning qarashlari avvalgisidek amerikacha bo‘lmasligi mumkin, endi esa uni AQShning bunday qarorlariga darhol munosabat bildirishga undaydigan vaziyatga qo‘ymoqchisiz", - degan Amerika ishbilarmonlik instituti qoshidagi Xavfsizlik tadqiqotlari markazi rahbarlaridan biri Geri Shmitt.
Amerika savdo vakolatxonasining ma'lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya AQShning savdo ko‘lami kattaligi bo‘yicha oltinchi hamkori hisoblanadi.