Amerikalik sarmoyachi va multimilliarder Uorren Baffetning Berkshire Hathaway xolding kompaniyasi AQShning yirikligi bo‘yicha ikkinchi banki Bank of America’ning 700 mln ta aksiyasini sotib olib, uning eng yirik aksiyadoriga aylandi. Bankning 2013 yil 31 dekabrdagi aktivlari 2,187 trln dollarni tashkil qilgan.
Endi Berkshire AQShning yirikligi bo‘yicha ikkinchi va uchinchi banklarining eng yirik aksiyadori bo‘ldi. Xolding kompaniyasiga Bank of Amerisa’ning 6,6 foizga yaqin ulushi va Wells Fargo & Co’ning 10 foiz ulushi tegishlidir. Berkshire bankning aksiyalarini kattagina chegirma bilan xarid qildi: savdolar yopilishidan avval 23,58 dollar turgan aksiya kompaniyaga 7,14 dollardan tushgan.
Berkshire aksiyalarni sotib olishda bankning 5 mlrd dollarlik imtiyozli aksiyalarini ayriboshladi. Baffet bu aksiyalarni 2011 yil avgustida sotib olgandi va bankning 700 mln ta aksiyasini 7,14 dollardan sotib olish huquqini qo‘lga kiritgandi.
Bankning Berkshire’da bo‘lgan oddiy aksiyalari umumiy narxi bitimdan keyin 16,5 mlrd dollarni tashkil qilgan va u shu tariqa 11,5 mlrd dollarlik foyda ko‘rgan.
Ayni vaqtda Berkshire 90 dan ko‘proq kompaniya, jumladan Geico sug‘urta kompaniyasi, Dairy Queen tamaddixonalar tarmog‘i va Shimoliy Amerikaning transkontinental BNSF Railway temir yo‘liga egalik qiladi.