«50 ming so‘mlik kupyura chiqarilishi inflyatsiya darajasi va narxlar barqarorligiga ta'sir ko‘rsatmaydi» - Markaziy bank

Iqtisodiyot 17:45 / 16.08.2017 113660

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki rasmiy saytida ellik ming so‘mlik banknotlarning muomalaga chiqarilishi bo‘yicha sharh berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2017 yil 14 avgustdagi KQ-218-III-sonli qarori bilan Markaziy bankning qiymati 50 000 (ellik ming) so‘m bo‘lgan banknoti namunasi hamda dizayni tasdiqlandi.

Markaziy bank Boshqaruvining tegishli qaroriga asosan 50 ming so‘mlik banknotlar joriy yilning 22 avgustidan muomalaga chiqariladi.

Milliy valyutaning 50000 so‘m qiymatdagi banknotini muomalaga kiritish mamlakatimizda so‘nggi yillarda o‘rtacha ish haqi miqdorining oshib borishi hamda aholiga ish haqi, pensiya va nafaqalarni to‘lashda, shuningdek naqd puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirishda qulayliklar yaratish maqsadida amalga oshirildi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, muomalaga yirik banknotlarning chiqarilishi iqtisodiyotdagi pul massasining o‘zgarishiga olib kelmaydi hamda inflyatsiya darajasi va narxlar barqarorligiga ta'sir ko‘rsatmaydi.

Shuningdek, mazkur amaliyot:

naqd puldagi hisob-kitoblarni ixchamlashtirish, naqd pulni tashish, yetkazish va saqlash bilan bog‘liq xarajatlar va noqulayliklarni kamaytirish;

bankomatlar orqali aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish imkonini beradi. 

Ko‘proq yangiliklar: