Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali sobiq boshlig‘i 12 yilga qamaldi

Jamiyat 12:08 / 30.11.2024 3501

Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali sobiq boshlig‘i jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1985 yilda tug‘ilgan I.S. 2021 yil 24 may kunidan tezkor tadbirda ushlangunga qadar Davlat kadastrlar palatasining Yangihayot tuman filiali boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.

I.S. Toshkent shahar, Yangihayot tumani, Chortoq mahallasida joylashgan 20 sotix yer maydonida qurilgan uy-joylarga kadastr hujjatini rasmiylashtirib berish to‘g‘risida murojaat qilgan fuqarodan 25 000 AQSh dollari miqdorida pora berishni talab qilgan.

Fuqaroning arizasiga asosan 2024 yil 7 mart kuni DXXning Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda I.S. o‘z xizmat xonasida fuqarodan talab qilgan 25 000 AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

I.S. sudda aybiga iqrorlik bildirmagan hamda o‘sha vaqtda pulga muhtoj bo‘lganligini ma’lum qilgan.

Fuqarodan 25 000 AQSh dollarini talab qilishimga sabab, o‘sha vaqtda pulga muhtoj bo‘lib turgandim. Chunki ko‘chada tanishlarimdan qarzim bor edi. Shu sababli fuqaroni aldab, 25 000 AQSh dollarini olmoqchi bo‘ldim. Aslida filial rahbari sifatida mening yer maydonlariga kadastr hujjatini to‘liq rasmiylashtirib berish vakolatim bo‘lmagan. Bu Kadastrlar palatasi Toshkent shahar boshqarmasining vakolatiga kiradi. Fuqaroning 25 000 AQSh dollarini olib, o‘sha kuni uning yer maydoniga biror-bir xodimini yuborib o‘lchatib, keyinchalik unga tez orada kadastr hujjati tayyor bo‘lishini aytgan holda aldab yurmoqchi bo‘ldim. Shu orada uning pullari orqali qarzlarimni so‘ndirib, ma’lum vaqt o‘tgach, boshqa joydan pullarni topib, unga qaytarib bermoqchi edim”, degan u suddagi ko‘rsatmasida.

I.S.ning aybi guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa dalillar bilan o‘z isbotini topgan.

Sudning hukmi bilan I.S. Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismining “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil mansabdorlik lavozimlarini egallash, moddiy javobgarlik hamda kadastr agentligi tizimidagi vazifalarda xodim sifatida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 

Ko‘proq yangiliklar: