Toshkent shahridagi Xalqaro Biznes markazida Tashqi savdo vazirligi qoshidagi "O‘ztreyd” AJ hamda Rossiyaning "La Mare" kompaniyasi vakillari o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini Rossiya Federatsiyasiga yetkazib berish hamda Moskva shahrida umumiy savdo uyini tashkil etish masalalari muhokama etildi. Bu haqda Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati Kun.uz'ga xabar beradi.
HoReCa (mehmonxona, restoran, kafe) tizimida katta tajriba va imkoniyatlarga ega "La Mare” rus kompaniyasi mamlakat bo‘ylab bir nechta mehmonxona, restoranlarga ega. Bundan tashqari, kompaniya oziq-ovqat yetkazib berish, meva-sabzavot yetishtirish hamda qayta ishlash tarmoqlarida ham xizmat ko‘rsatadi.
Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuv so‘nggida Moskvada "O‘ztreyd-LM" savdo uyini tashkil etish to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Shuningdek, Tashqi savdo vazirligi qoshida kichik tadbirkorlik, fermer va bog‘ xo‘jaliklarining mahsulotlarini chet elga eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi "O‘ztreyd" AJ o‘zbek mahsulotlarini Moskva va uning atrofidagi shaharlarga yetkazib berish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.