7-23 avgust kunlari 7346 nafar o‘zbekistonlik Haj ziyoratini amalga oshirish uchun jo‘nab ketadi

O‘zbekiston 13:32 / 04.08.2017 20732

Joriy yil 7-23 avgust kunlari 7346 nafar o‘zbekistonlik ziyoratchilarni haj safariga kuzatish bo‘yicha barcha tashkiliy masalalar hal etilgan. Mazkur tadbir “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qarorlari asosida amalga oshirilmoqda. Ziyoratchilarga safar oldidan O‘zbekiston ramzlari tushirilgan maxsus kiyim va sumkalar, haj qo‘llanmasi va videotasmalar taqdim etildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, barcha ziyoratchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur vaksinalar bilan emlandi. Ziyoratchilar uchun tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida 28 iyul kuni 10 kishidan iborat dastlabki ishchi guruhi Saudiya Arabistoni podshohligiga jo‘nab ketdi. Hojilarimiz uchun Makka va Madina shaharlarida mehmonxonalardan joylar ajratilgan. Ziyoratchilarga transport, oziq-ovqat ta'minoti va tibbiy xizmat yo‘lga qo‘yiladi. Mehmonxonada maxsus jihozlangan oshxona hamda tibbiyot markazi tashkil etilgan.

Har 49 nafar ziyoratchiga bittadan tajribali guruh rahbari (ellikboshi) biriktirilgan. Shuningdek, ziyoratchilarga 35 kishidan iborat ishchi guruhi, 35 nafar shifokor va 15 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi. Ziyoratchilar uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun'iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyasi dasturlarini tomosha qilish imkoniyati yaratiladi.

Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish va kuzatish ishlari Jiddadagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan haj va umra masalalari bo‘yicha attashe tomonidan tashkil etiladi.

Ziyoratchilar Madina shahrini 4 kun ziyorat qilganlaridan so‘ng Makka shahriga yo‘l oladilar. 7 avgust kuni ikkita aviareysda Toshkent va Namangan shahridan 459 nafar ziyoratchilar Madina shahriga kuzatiladilar. Ziyoratchilarning haj safarini tashkillashtirish bo‘yicha Toshkent shahridagi “Novza” masjidida maxsus shtab tashkil qilingan. Haj safaridan ziyoratchilar 8-24 sentabr kunlari qaytishlari rejalashtirilgan.

“Haj-2017” mavsumi ziyoratchilarining oxirgi reysida 74 nafar Ikkinchi Jaxon Urushi qatnashchilari va ularga hamrohlik qiluvchilarni safarga yuborib, birinchi reys bilan O‘zbekiston qaytarib olib kelish rejalashtirilgan.

 

Ko‘proq yangiliklar: