Iqtisodiy protsessual kodeks loyihasi QHTBT portalida e'lon qilindi, deb xabar bermoqda Norma.uz.
Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiy protsessual kodeks loyihasini (IPK) joriy yilning 1 sentabrigacha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish topshirilgan.
IPK loyihasi 5 bo‘lim, 36 bob va 337 moddadan iborat. Loyihada amaldagi XPKda mavjud kamchiliklar bartaraf etildi.
Jumladan, yangi Kodeksning loyihasi quyidagi o‘zgartirishlarni ko‘zda tutadi:
1 – xorijiy sudlar va arbitrajlarning qarorlarini e'tirof etish va ijro etish to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud ishini yuritish tartibini, shuningdek yuridik ahamiyatga ega faktlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi ishlarni reglamentlaydi;
2 – viloyat darajasidagi iqtisodiy sudlarning sudlovga tegishliligiga O‘zbekiston norezidentlari-chet el fuqarolari ishtirokidagi ishlar va xorijiy sudlar va arbitrajlarning qarorlarini e'tirof etish va ijro etish to‘g‘risidagi ishlar kiritildi;
3 – sudlovga tegishlilikning umumiy qoidasiga tuzatish kiritildi: yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga da'volar ular ro‘yxatdan o‘tkazilgan joy bo‘yicha sudga taqdim etiladi (hozir – javobgarning joylashgan joyi bo‘yicha);
4 – prokuror fuqarolar, ustav jamg‘armasida davlat ulushi bo‘lmagan yuridik shaxslar va davlatning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan sudga murojaat qiladi. Bunda fuqarolar va xususiy tashkilotlardan da'vo arizasi berish uchun yozma ravishdagi rozilik talab etiladi;
5 – vakillar ixtiyoriy (shartnomaviy) va professional (advokatlar)ga toifalashtirilgan;
6 – soliq qarzini qarzdorning mol-mulkiga qaratishning sud tartibi chiqarib tashlanmoqda;
7 – kommunal qarzlarini sud tartibida undirish uchun uning miqdori fuqarolar uchun kamida EKIHning 5 baravari va yuridik shaxslar uchun kamida EKIHning 20 baravarini tashkil qilishi kerak;
8 – yarashtirish tartib-taomillarini tartibga soluvchi normalar (kelishuv bitimi) alohida bobga birlashtirildi;
9 – yangi institutlar joriy etilmoqda:
• sud buyrug‘ini berish to‘g‘risidagi arizani qaytarish;
• sud muzokaralari;
• sud ish yurituviga apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protest) qabul qilishni rad etish;
• ko‘rib chiqmasdan apellyatsiya, kassatsiya shikoyatini (protest) tuzish.
Loyiha o‘zgartirilishi, to‘ldirilishi yoki rad etilishi mumkin.