Bitkoin xitoylik maynerlar guruhining aralashuvidan so‘ng ikkita kriptovalyutaga ajralib ketdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, bitkoinning ikkita kriptovalyutaga (Bitcoin Cash va oddiy Bitcoin’ga) ajralishiga xitoylik maynerlarning (kriptovalyuta oluvchilar) harakatlari sabab bo‘lgan. Ular dastlabki bitkoin ishidagi yangi protokolga norozilik bildirishdi.
Mutaxassislarning kutishicha, kriptovalyutaning yangi protokoli tatbiq etilishi tufayli uning tarmog‘i ishi va amaliyotlar tezligi yanada oshadi.
Bitkoinning ajralishidan so‘ng Bitcoin Cash birligi qiymati 146,37 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Bitcoin 4,6 foizga tushib ketib, 2,729 dollarga teng bo‘ldi.
Avvalroq Goldman Sachs Bitkoin 4000 dollargacha qimmatlashishini bashorat qilgandi.