GM Uzbekistan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabariga raddiya berdi

Fan-texnika 09:26 / 20.07.2017 55997
Rustam Rajabov. Foto: Kun.uz

GM Uzbekistan AJ mustaqillikning 26 yillik bayramiga yangi rusumdagi avtomobillar taqdim etilishi haqidagi xabarlarni rad etib chiqdi. Kuni kecha GM Uzbekistan bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga bergan intervyusida mustaqillikning 26 yillik bayramiga yangi rusumdagi avtomobillarni taqdim etish rejalashtirilayotgani haqida ma'lum qilgandi. Biroq, O‘zA’dagi suhbatning bu joyi oradan bir kun o‘tib olib tashlangan.

GM Uzbekistan xabarida aytilishicha, mustaqillikning 26 yillik bayramiga yangi rusumdagi avtomobillar taqdim etilishi haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va joriy yilning 5 iyul kuni bosma hamda elektron OAV xodimlari uchun tashkil etilgan matbuot-turi davomida taqdim etilgan ma'lumotning buzib talqin qilinishi ekan.

uza.uz veb saytidan olingan skrinshot

“Ko‘rsatilgan tadbir davomida kompaniya rahbariyati tomonidan model qatorini yangilash doirasida yangi avtomobil modellarini o‘zlashtirish masalasi o‘rganilayotgani ma'lum qilingandi. Shu bilan birga, bunday loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq muddatlarga marketing o‘rganishlari, texnik-iqtisodiy asoslarning ishlab chiqilishi va ko‘rsatilgan tartibda boshqa parametrlarni muvofiqlashtirish yakunlanganidan so‘ng aniqlik kiritilishi ta'kidlab o‘tildi.

uza.uz veb saytidan olingan skrinshot

OAV vakillari bilan ochiq va konstruktiv muloqotga tayyor ekanimiz haqida yana bir bor ma'lum qilamiz, shu bilan birga, jurnalistik etika me'yorlariga amal qilish va yangiliklar hamda tahliliy materiallarni tayyorlashda rasmiy hamda obektiv ma'lumotdan foydalanishni so‘raymiz. Fikrimizcha, bunday yondashuv bizning sohada ro‘y berayotgan jarayonlarni yoritishda buzib talqin etilgan ma'lumotlar tarqalishining oldini olish imkonini beradi. 

Istalgan masalalar paydo bo‘lsa yoki kerakli ma'lumotni olish uchun bizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat etishingizni so‘raymiz”, - deyiladi GM Uzbekistan xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: