Kundalik hayotni qulaylashtirish uchun o‘zlarining qiziq yechimlarini taklif qilgan injyenerlar doimo kishilarni hayratlantirib kelishgan. Jorjiya texnologiya universiteti mutaxassislari aholining ba'zi bir qatlamlari, masalan, qariyalarga va jismoniy imkoniyati chegaralangan insonlarga zinalardan chiqishda mustaqil yordam berish kerak, degan fikrga kelishdi va energiyadan samarali foydalanadigan, yurishga ko‘mak beradigan «aqlli» zina ixtiro qilishdi.
Ixtironing mohiyati prujina bilan ta'minlangan zinalardan iborat. Inson zinadan pastga tushayotganida u vazn og‘irligi ta'sirida pastga tushadi. Bu esa quvvatni tejaydi va sarflanayotgan kuchni deyarli 22 foizga kamaytiradi. Inson tepaga chiqishi kerak bo‘lganida zinalar inson oyog‘ini itarib, yuqoriga ko‘tarilishga yordam beradi va bu tizzaga tushadigan kuchni deyarli 38 foizga kamaytiradi. Bunday zinadan chiqish va yurish ham juda qulay. Ixtirochilar hisob-kitoblarda datchiklardan foydalanishgan. Lekin bunday zinaning noqulay tarafi ham bor. Tizim undan faqat bir inson foydalanayotgandagina ishlaydi.