O‘zbekistonda 2018 yildan soliq nazoratining zamonaviy shakli joriy etiladi

Iqtisodiyot 09:03 / 19.07.2017 22811

O‘zbekistonda 2018 yil 1 yanvardan soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etiladi. Bu Prezidentning «Soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida belgilab qo‘yilgan.

Soliq monitoringi - soliq organlari va halol soliq to‘lovchilar o‘rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutadi.

Farmonda ta'kidlanishicha, yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha soliq ma'muriyatchiligi funksiyalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Hujjatda aytilishicha, vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to‘qnash kelgan halol soliq to‘lovchilar – xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq ta'tillari berilishi mumkin.

Farmonga ko‘ra, o‘tkazilgan kameral nazorat natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq to‘lovchilar tomonidan asoslar taqdim etilmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalarini sud tartibida undirish joriy etiladi.

Ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish soliq to‘lovchi vakolatli organlarga murojaat etgan sanadan boshlab 15 ish kuni ichida amalga oshiriladi.

Davlat soliq xizmati organlariga kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiladigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarini 5 bank kunigacha bo‘lgan muddatga vaqtinchalik to‘xtatib turish vakolati beriladi, deyiladi hujjatda.

O‘zbekiston rahbari Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida soliq organlariga hisob-kitoblar haqidagi ma'lumotlarning onlayn rejimida berilishini ta'minlaydigan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash orqali naqd pul tushumi ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimini joriy etish vazifasini topshirdi. Respublikaning qolgan hududlarida mazkur tizim bosqichma-bosqich kiritiladi.

Bundan tashqari, soliq tekshiruvi obektlarini samarali tanlab olish uchun soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavflarini tahlil qilish, shuningdek soliq organlari tomonidan yuqori likvidli mahsulotlar haqiqiy ishlab chiqarish hajmining doimiy hisobi va nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi.

Davlat soliq xizmati organlari xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi ustidan tizimli monitoringni amalga oshiradi, natijasi bo‘yicha soliq solinadigan bazani aniqlashtiradi. 

Ko‘proq yangiliklar: