Amerikaning NASA agentligi dronlar (uchuvchisiz uchar qurilmalar – UUQ) shovqini insonlarga qanchalik ta'sir ko‘rsatishi borasida tadqiqot o‘tkazdi. The Verge nashri ushbu tadqiqot natijasini qisqacha shaklda e'lon qilgan. Unga ko‘ra, dronlargagina xos bo‘lgan, qovoqarilar tovushiga o‘xshash shovqinlar boshqa avtotransport vositalari har qanday turi chiqaradigan shovqinga qaraganda ko‘proq bezovta qiladi. Bu hatto, tovush balandligi bir xil bo‘lganda ham kuzatiladi.
Tadqiqotning ko‘rsatishicha, dron shovqinini eshitish “avtomobilning kutilmaganda ikki karra yaqinlashib qolganidek taassurot uyg‘otadi”, deb yozadi The New Scientist jurnali.
Tadqiqotchilar tijoriy sotilayotgan dronlarni turli tezlik va balandlikda uchirib, ularning tovushlarini, yengil avtomobillar, xo‘jalik mikroavtobuslari va yirik yuk mashinalaridan chiquvchi shovqinlarni yozib olishgan. Shundan so‘ng, ilmiy izlanishda ishtirok etayotgan 38 kishidan har bir tovushga baho berish so‘ralgan. Ular shovqinlarni “unchalik ham bezovta qilmaydi” degan iboradan “haddan ortiq bezovta qiluvchi” degan iboragacha shkalada baholashgan.
NASA agentligining qayd etishicha, ishtirokchilarning juda kamchiligi dron ovozini taniy olishgan, qolganlar bu shovqin nimaga tegishli ekanini bilishmagan. Ular bu shovqinlar kelajak transport vositalariga tegishli, deb hisoblashgan. Tadqiqotchilarning e'tibor qaratishicha, avtoobil tovushlarining insonlarni kamroq bezovta qilishini, odamlarning bunga o‘rganib qolgani bilan izohlash mumkin. bezovtalik darajasi esa, tovush yoki shovqinning naqadar uzoq vaqt davom etishiga bog‘liq bo‘lgan.
Shunga ko‘ra, aytish mumkinki, mazkur tadqiqot natijasi dronlar orqali mahsulotlarni yetkazib berishni rejalashtirayotgan va bu borada tajribalar o‘tkazayotgan Amazon va Domino’s Pizza kabi kompaniyalar uchun tashvishli xabardir. Ular uchuvchi xizmatchilarning shovqinini kamaytirish ustida ham o‘ylab ko‘rishsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.