Angliya banki ilk marotaba 10 funt sterling qiymatga ega bo‘lgan va plastmassadan yasalgan kupyura qanday ko‘rinishga ega bo‘lishini namoyish etdi. U 2017 yil 14 sentabrda muomalaga chiqariladi. Banknotani namoyish qilish sanasi bekorga 18 iyulga belgilanmagan. Shu kuni roppa-rosa 200 yil muqaddam taniqli ingliz ayol yozuvchisi Jyeyn Ostin vafot etgan. Uning surati pulning orqa tomonida aks etadi. Old tomonida, odatdagidek, qirolicha Yelizaveta Ikkinchining surati chop etiladi.
«Bizning banknotalar Birlashgan Qirollikning shonli tarixi va buyuk fuqarolarimizning unga qo‘shgan hissasi borasida mamlakat umumiy xotirasini shakllantirishga yordam beradi. Ostin romanlari bugun ham ilk bor nashr qilingandagi kabi ajoyibdir», — degan yangi kupyura taqdimotida Angliya banki boshqaruvchisi Mark Karni.
Yangi plastmassa puldagi Ostin surati yonida uning «Pride and Prejudice» romanidan olingan «Ochig‘ini aytganda, men kitob mutoalasidan boshqa huzur-halovatni bilmayman» gap qayd etilgan.
Angliya banki xabarida qayd etilishicha, yangi plastik banknotalar hozirgi qog‘ozli pullardan pishiqroq va chidamliroq bo‘ladi va ularni qalbakilashtirish qiyinlashadi. Bundan tashqari, yangi kupyuralarda kir va kasallik tarqatuvchi turli mikroorganizmlar kamroq to‘planadi, bu jihatdan u qog‘oz pullarga qaraganda xavfsizroq bo‘ladi.
Dastlab yangi pullar eskilari bir xil muomalada bo‘ladi. Ammo, keyinchalik, Charlz Darvin surati tushirilgan eski pullar muomaladan olina boshlanadi. Bu jarayon 2018 yil bahor oylarigacha tugatiladi.