Ekspert: «Valyuta kurslari turlichaligi iqtisodiyotdagi vaziyatni buzib ko‘rsatadi» 

Iqtisodiyot 17:10 / 14.07.2017 43399

UZ24 moliyaviy ekspert Aleksandr Davletov bilan banklarga birjadan tashqari valyuta bozorida operatsiyalar o‘tkazishga ruxsat beruvchi, fakt jihatidan olib qaralsa, turli kurslarni qonuniylashtirgan hukumat qarori xususida gaplashdi.

— Ko‘pchilikda Vazirlar Mahkamasining yaqindagi (30 iyundagi №449-sonli «O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ba'zi qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi» — tah.) qarori bilan banklarga bozor kursida valyuta sotish huquqi berildi, degan taassurot paydo bo‘ldi. Chindan ham shundaymi?

— Birinchidan, bu qaror garchi ijtimoiy tarmoqlarda o‘sha kuniyoq ma'lum bo‘lib ulgurgan bo‘lsa-da, rasman 10 iyul kuni — qabul qilinganidan 10 kun o‘tib e'lon qilindi. Mavjud me'yorlarga ko‘ra, me'yoriy-huquqiy hujjatlar matbuotda rasman e'lon qilinganidan so‘nggina kuchga kiradi. 

Ikkinchidan, Markaziy bank va manfaatdor idoralarga yangi mexanizm ishlab chiqish yoki amaldagi ichki me'yoriy hujjatlarni muvofiqlashtirish uchun bir oylik muddat beriladi. Shu sababli amalda tijorat banklari valyutani bozor kursida sotish yoki xarid qilishga shoshilmayapti. Bizning banklarimiz MBga quloq tutmasdan, o‘zboshimchalik bilan biror narsa qila olmaydi. Nima bo‘lganda ham, hozirgi paytda mijozlari bilan bozor kursida valyuta oldi-sotdisi bilan rasman shug‘ullanayotgan birorta tijorat bankini uchratmadim. 

Birjadan tashqari valyuta bozorida xorijiy valyutalarning xarid qilish yoki sotish operatsiyalarini o‘tkazish tartibi haqidagi Nizomning 19-bandi bekor qilinishi va 43-bandining yangi tahriri tufayli endi banklar o‘rtasida yoki ularning mijozlari bilan valyuta oldi-sotdisida bozor kursi o‘tgan hafta davomida o‘tkazilgan savdo sessiyalarida (masalan, Respublika valyuta birjasidagi) qayd etilgan kurslarning o‘rtacha qiymati bo‘yicha emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida belgilanadi. Oddiyroq qilib aytganda, bugungi kungacha banklar o‘z mijozlari bilan valyuta oldi-sotdi operatsiyalari o‘tkazishda MBning amaldagi kursidan maksimum 2 foizga farqlanuvchi kursdan foydalanishar edi. Shu qoidalardan konversion kartalar bilan bog‘liq operatsiyalarda ham foydalanilardi. Masalan, 12 iyul kuni MB dollar kursi 1 dollarga 4014,50 so‘mni tashkil etgan, Milliy bankning ayirboshlash/konversion operatsiyalar bo‘yicha kursi 1 dollar 4094 so‘mga teng.

Bu qoidalar yuqorida qayd etilgan qaror qabul qilinganga qadar majburiy bo‘lgan, chunki O‘zbekiston Xalqaro valyuta jamg‘armasi a'zosi hisoblanadi va XVJning 8-moddasi shartlariga ko‘ra, a'zo mamlakat turlicha kurslar amaliyotidan foydalanmasligi kerak. Endi mana shu bozor kursi talab va taklifdan kelib chiqib belgilanishi va kon'yunkturaga bog‘liq bo‘lishi lozim. U rasmiy kursdan ancha, hattoki bir necha barobar farq qilishi mumkin. Naqadar g‘alati bo‘lmasin, aynan mana shu holat tijoart banklarining shoshilmayotgani sabablaridan biridir — MB tomonidan belgilangan rasmiy hamda bozor kursining bunday tafovutida katta kurs farqi kelib chiqadi va u soliqqa tortiladi. 

Agar qandaydir vaqtinchalik tartib joriy etilmasa, tijorat banklarining bozor kursida sotib olish va sotish kursi orasidagi farq eng kamida 200 so‘mdan ortiqroq bo‘ladi (soliq ajratmalarini qoplash uchun), shu sababli ular xarid va sotish orasidagi kurs farqi 50-70 so‘m bo‘lgan «qora» bozor bilan raqobat qilishda qiynalishadi.

Yangi sharoitlarda aniqlashtirilib olinishi lozim bo‘lgan yana bir holat — jismoniy shaxslarga valyuta sotish va ulardan xarid qilish masalasi. Ma'lumki, prezidentning «Jismoniy shaxslarga xorijiy valyutani sotish tartibini yanada liberallashtirish choralari haqida»gi qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslarga xorijiy valyutani sotish va ulardan xarid qilish xalqaro plastik kartochkalardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Yangi sharoitlarda xorijiy valyutani sotish va xarid qilish qanday yuz berishini ham aniqlashtirish zarur bo‘ladi.

Uchinchidan, yangi qarorga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining boshqa bir — «Valyuta bozorini yanada liberallashtirish va ayriboshlash kurslarini unifikatsiyalash choralari haqida»gi qarori o‘z kuchini yo‘qotdi. Bu bandga hech kim e'tibor qaratmagan. Yuqorida qayd etilgan qarorning bekor bo‘lishi biz de-yure, tan olingan, turlicha kurslar davriga qaytaradi. Avvalgi davrda — 2003 yilning 11 iyuniga qadar O‘zbekistonda chindan ham tan olingan, turlicha kurslar amalda edi, erkin konvertatsiyaga o‘tilishi bilan barcha kurslar unifikatsiya qilingan edi.

— Turlicha kurslar siyosati nechog‘lik samarali?

— Turlicha valyuta kurslari valyutani tartibga solish choralari hisoblanadi va undan iqtisodiyotda inqiroz vaziyatlari kuzatilganida foydalaniladi. Milliy valyuta ayriboshlanadigan turlicha kurslarning mavjudligi shunday kurslar amal qiluvchi tizimga xos. Kurslar orasidagi farq bir necha barobar ham bo‘lishi mumkin.

Turlicha kurslar eksport va import, davlat va xususiy segment uchun qo‘llanilishi mumkin. Qoidaga ko‘ra, imtiyozli kurs toifasiga import qilinuvchi oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy preparatlar, eng kerakli iste'mol tovarlari kiradi. Oshirilgan kurs esa inqiroz davrida ustuvor deb qaralmaydigan toifaga mansub tovarlar va xizmatlarga joriy etiladigan o‘ziga xos foyda solig‘i bo‘ladi. 

Turlicha valyuta kurslari iqtisodiyotdagi vaziyatni juda buzib ko‘rsatadi — birinchi navbatda daromadlarning taqsimlanishi, resurslarning joylashtirilishi va narx hosil qilinishida.

Iqtisodiyot sub'yektlarning bir qismi uchun imtiyozli sharoitlar yaratish siyosati boshqalar uchun o‘yin qoidasini qat'iylashtirmasdan qolmaydi. Bundan tashqari, turlicha kurslarning mavjudligi valyuta chayqovchiligi va korrupsiyaga yo‘l ochadi. Turfalik borasida XVJning siyosati ham o‘zgarmas: a'zo mamlakatlar turlicha valyuta kurslarini joriy etishdan tiyilish majburiyatini olishadi, undan faqat o‘ta zarur sharoitlarda va qisqa muddatda foydalanish mumkin. Markaziy bankimiz bu choralarni qanday tushuntiradi, bunisi menga qorong‘u. Nima bo‘lganda ham, turlicha kurslarning joriy etilishi qisqa muddatli xarakterga ega bo‘lishi lozim va bu siyosat milliy valyutaning erkin konvertatsiyasi bilan yakun topishi kerak. Markaziy bank va hukumat keyinchalik qanday harakat qilishini bashorat qilish qiyin. Ko‘raveramiz.

— Bu qarorni valyutani liberallashtirish sari tashlangan qadam deb atash mumkinmi?

— Ha, tashqi savdo sub'yektlarining tijorat banklari ishtirokidagi muqobil va qonuniy valyuta bozoriga ruxsat olishi uchun yangi platformaning shakllantiriligi — garchi men hozircha buni oqilona yo‘l deya olmasam-da, valyuta bozorini erkinlashtirish sari tashlangan qadam hisoblanadi. Nega? Chunki bu yerdan shaffoflik va ochiqlikning hidi ham kelmayapti: biz valyutaning bozor kursi qanday shakllantirilayotganidan bexabarmiz — talab va taklif to‘qnashuvidanmi yoki direktiv byurokratiya asosidami; bu muqobil bozorga kirish uchun qanday eksportchilar va importchilarga ruxsat tekkan — bunisi ham noma'lum. Erkin valyuta mablag‘lariga ega xususiy eksportchilar nega bizni bu yerga qo‘yishmayapti, deb savol berishmoqda. Xalq iste'moli tovarlari eksportchilari, foydasi yig‘ilib qolgan investorlar hayron: nega ularga bu bozordan valyuta xarid qilish mumkin emas? Potentsial qatnashuvchilarga ruxsatni kim beradi, qaysi kriteriylar bo‘yicha? Yana bir savol: muqobil bozor bilan bog‘liq tajriba qancha vaqt davom etadi, muddati bormi? Biznes va bozorga aniq signallar berish kerak-ku?! Respublika valyuta birjasida kimlar qoladi? Arzon valyuta xarid qilish uchun kimlar ketishi, kimlar esa qolishi kerak? Bu savollarning barchasi hozircha javobsiz qolmoqda.

— U tashqi savdoda o‘zbek biznesining sifatida aks etadimi? Ishbilarmonlik faoliyatini yengillashtiradimi?

— Ha, muqobil bozorga kirish uchun ruxsat tekkanlar uchun bu juda katta tin olish degani. Agar u eksportchi bo‘lsa, tushumi oshadi, importchi bo‘lsa muddatdan yutadi: Respublika valyuta birjasida o‘z mablag‘larining konvertlanishini oylab, yillab kutmaydi. Eksportchi uchun ham, importchi uchun ham asosiysi — bu legitim va qonuniy bitimdir, chunki har qanday o‘zini hurmat qiluvchi biznes o‘z faoliyatini qonuniy maydon doirasida olib borishni istaydi. Valyuta tushumiga ega eksportchilar va importchilar ilgari (muqobil bozorga kirish uchun ruxsat ololmaganlar uchun — hozir ham) ko‘pincha importchining manfaatidan kelib chiqib komissiya shartnomasi imzolash yo‘li bilan kelishishardi. Faqat shunday yo‘l bilan eksportchi o‘z valyutasini sotar, importchi esa import tovarlar yoki xomashyo sotib olardi.

Bu holatda har ikki tarafga ham istalgan vaqtda nazorat qiluvchi organlar soliq, yuridik va moliyaviy masalalar bo‘yicha tekshirishga kelib qolishi mumkin edi, chunki nomukammal qonunchilik xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning foydasiga o‘ynamaydi-da. 

Qayd etmoq joizki, yil boshida biznesda erkin konvertatsiya borasida paydo bo‘lgan yuqori ishonch bosqichma-bosqich so‘nib bormoqda, biznes sekin-asta yangi sharoitlarga ko‘nikmoqda — yuqori risklar va uzoq muddatli bitimlarga o‘zini urmayapti, obrazli qilib aytganda, u Kutuvchi pozitsiyasini egallab olgan.

— Erkin konvertatsiyaga o‘tish haqida gaplashar ekanmiz, bu holatda davlatning valyuta zaxiralari yetadimi?

Bugungi kunda turlicha kurslar siyosati tanlangan ekan, bunday savolni qo‘yishga erta. Ochiq va shaffof konvertatsiya sharoitlarida valyuta zaxiralari birdan-bir maqsad emas, oqilona monetar siyosat o‘tkazish quroli bo‘ladi. Albatta, populistik va avantyuraga yo‘g‘rilgan siyosat yurgizib, xorijiy valyutaning past kursini saqlab turish va valyuta zaxiralarini qisqa vaqt ichida xarjlab yuborish ham mumkin. Biroq adekvat va oqilona siyosat yurgizish, erkin bozorga ishonish, uning qurollaridan foydalanish, risklarga javob qaytarish va ularni boshqarish ham mumkin, shunda valyuta zaxiralarini yetishmasligi bilan bog‘liq hech qanday muammo yuzaga kelmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: