Tarmoqda Nokia kompaniyasi 2017 yilda yettita smartfon chiqarishni mo‘ljallayotgani haqida ma'lumot paydo bo‘lgandi. Yaqin oylar ichida esa to‘rtta yangi qurilma taqdim etilishi mumkin.
Birinchi bo‘lib Snapdragon 430 protsessorida ishlovchi Nokia 6 gadjyeti taqdim etildi. Keyinchalik Mobile World Congress 2017’da Nokia 3 va Nokia 5 namoyish etildi, ular MediaTek MT6737 va Snapdragon 430 chiplariga ega. Endi esa Nokia Nokia 2, Nokia 7, Nokia 8 va Nokia 9 modellarini chiqarishi kutilmoqda.
Nokia 2’da Snapdragon 212 yoki MediaTek protsessori o‘rnatiladi. Bu esa, qurilma ancha hamyonbop bo‘lishidan darak beradi, deb yozmoqda Gizmochina.
Nokia 7 Snapdragon 630 chipsetiga ega bo‘lsa, Nokia 8 Snapdragon 660’dan foydalangani tufayli ancha kuchli smartfonga aylanadi. Bundan tashqari, "sakkizinchi" Nokia “yettinchi”sidan ikkita Zeiss kamerasi bilan ajralib turadi. Kutilishicha, gadjyet 2K ekrani, 6 GB operativ xotira va 64 GB doimiy xotiraga ega bo‘ladi.
Nokia 9 Snapdragon 835’da ishlaydi. Unda 5,3 dyuymli QHD-displey, 13-megapikselli kamera va 8 GB operativ xotira bo‘ladi.
Nokia vakillarining ma'lum qilishicha, 2017 yilda planshetlar chiqarilmaydi. Bundan tashqari, Nokia 4 smartfoni ham bo‘lmaydi, sababi to‘rt raqami ba'zi davlatlar madaniyatida salbiy obrazga ega ekan. Kutilishicha, Nokia 9, Nokia 8, Nokia 7 va Nokia 2 IFA 2017’da taqdim etiladi.