Yaqin oylarda O‘zbekistonda yirik xalqaro anjumanni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda bevosita O‘zbekiston Respublikasi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev ham katta ehtimol bilan ishtirok etadi. Bu haqda Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyada O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi rahbari Adham Ikromov ma'lum qildi.
“Albatta, har bir yo‘nalish bo‘yicha yirik halqaro anjumanlardan tashqari, an'anaviy tarzda yakuniy forum tashkil etish rejalashtirilmoqda. Unda davlatimiz rahbarining ham bevosita ishtirok etishi kutilayapti. U Davos forumi yoki Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumlaridan kam bo‘lmagan anjuman bo‘lishiga harakat qilinmoqda”, - dedi Adham Ikromov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning o‘z xalqaro iqtisodiy forumi bu borada katta tajribaga ega bo‘lgan xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikda har yili tashkil etiladi.