Bolaning erta yoshdan xorijiy tilli bog‘cha va maktablarga berish haqida o‘zbek ota-onalarining fikri turli xil. Masalan, bir guruh ota-onalar bolasining savodi o‘zbek tilida emas, nega xorijiy, jumladan, rus tilida chiqishini shunday izohladi.
“Rus tilini bilganlar ko‘proq qadrlanadi”
Majid Sultonov, iqtisodchi
– O‘zim to‘liq o‘zbek oilasi farzandiman. Ikki bolamni ham rus bog‘cha va maktabga berganmiz. Chunki rus tilini rus maktabisiz o‘rganish juda qiyin, repetitor orqali o‘rganish og‘riqli. Bu shaxsan o‘zimning boshimdan o‘tgan. Baribir rus tilida xato va kamchilik bilan gapiraman va yozaman. Chunki o‘zbek maktabida o‘qib, qishloqda katta bo‘lganman. Xo‘sh, nega rus tilini bilishi kerak deb o‘ylayman? Chunki O‘zbekistonda aksariyat tashkilotlar rus tilini bilishni talab qiladi. Talab qilmasa, rus tilini bilganlarni ko‘proq qadrlaydi. Bolalarni rus va ingliz tillarini bilishi yaxshi ish uchun ham muhim. Qolaversa, yangi bilimlarni ham o‘rganadi. Men millatimni yaxshi ko‘raman, Uyda urf-odatlarimiz, tilimiz, dinimizda mustahkam turib o‘rgatamiz. Farzandlarimizning yutug‘i chet tillarini mukammal, yillar davomida qiynalmasdan o‘rgangani bo‘ladi. O‘z kasbini tanlashida, shu kasb bo‘yicha o‘qishi va ishlashida o‘rgangan tilidagi adabiyot va materiallardan foydalanadi. Shu sohadagi mutaxassislar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qiladi. Tarjimonlarsiz, erkin o‘qiydi va ishlaydi.
“O‘zbek tili emas, ko‘proq rus tili prioritetdek”
Rayyona Ismatova, o‘qituvchi
– Ikki o‘g‘lim rus bog‘cha va maktabga boradi. Farzandlarimni rus tilida ta’lim olishini istashimning bir nechta omillarni keltirishim mumkin.
Possovet davlatlarida, xususan, O‘zbekistonda ham rus tili davlat tilidan ko‘ra ancha ko‘p foydalaniladi. Hatto asosiy qonun hujjatlari “tepa”dan rus tilida tushishi haqida ko‘p davlat xizmatchilari aytib bergan. Shu jihatdan olganda ish topish masalasi rus tilini bilish, bilmaslik bilan hal qilinadi desak ham bo‘ladi. Ya’ni biror joyga borsangiz, “o‘zbek tilini yaxshi bilasanmi?” deb so‘ramaydi, rus tilini bilish shartligi, boshqa xorij tillari uchun ustuvorlik berilishini aytishadi. Bunday olib qarasangiz, mamlakatimizda o‘zbek tili emas, ko‘proq rus tili prioritetdek.
Internetda ko‘plab kerakli resurslar asosan rus yoki ingliz tilida. Masalan, o‘qitish mahorati bo‘yicha yaxshi qo‘llanmalarni o‘zbek tilida uchratmaganman. Shunga o‘xshab til o‘rganish darsliklari ham asosan rus yoki ingliz tilida bo‘lishini kuzatganman. Ya’ni o‘zbek tilida topish mumkin bo‘lgan internet resurslar juda-juda kamligi ham rus tilini tanlashda katta omil bo‘lsa kerak. Menimcha, eng og‘riqlisi shu – jamiyatimizda o‘zbek tilini bilishlikka nisbatan qandaydir uyalish kayfiyati borligi. Bundan tashqari, biror joyga ovqatlanishga yoki kiyim olishga borsangiz, ishchilarda ham shunday holat kuzatiladi. Nega bunday kayfiyat borligi haqida ko‘p o‘ylayman.
“O‘zbek tilida ilmiy kitoblar yo‘q”
Baxtiyor Musulmonov, huquqshunos:
– O‘g‘lim rus sinfida o‘qiydi. Hozir 3-sinfda. Ochig‘i, na o‘zbekchasi yaxshi va na ruschasi. Ikkala tilda ham qiynalyapti. Masalan, nega rus sinfga bergansiz, degan savolga o‘zimda tayinli javob yo‘q. Bolam ilmli bo‘lsin deb niyat qilgandim. Ilmiy kitoblar o‘zbek tilida yo‘q. O‘zbekistonlik olimlar ham ilmiy ishlarini to‘liq rus tilida yozishadi. Ya’ni rus tilini yaxshiroq o‘rgansa, kelajagi yaxshiroq bo‘lishiga ishonganman.
O‘zbek va rus maktablarida qancha o‘quvchi o‘qiydi?
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Kun.uz'ga 2024/2025 yillarda O‘zbekistonda qancha maktabda o‘zbek va rus tillarda ta’lim berilayotgani statistikasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, o‘zbek tilida ta’lim berilayotgan maktablar soni 9 455 ta, o‘quvchilar esa 5 mln 600 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Bu maktablarning 8 337 tasida darslar faqat o‘zbek tilida o‘tilsa, 1 118 tasida aralash tillarda ta’lim beriladi.
Rus tilida ta’lim berilayotgan maktablar esa 946 ta, o‘quvchilar esa 685 ming nafardan ortiqni tashkil qiladi. Bu maktablarning 88 tasida darslar faqat rus tilida olib boriladi va unda 148 mingdan ko‘p o‘quvchi o‘qiydi. Qolgan 858 ta aralash tillarda ta’lim beriladigan maktablarda esa 536 ming o‘quvchi o‘qiydi.
Ona tilida savod chiqishi va daromad
Ona tilida beriladigan ta’limning ahamiyati haqida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘tkazgan tadqiqotda gap boradi. Tadqiqotchilar 2024 yilda aholi turmush farovonligi, iqtisodiy taraqqiyot va jamiyat ravnaqiga ta’sir qiladigan omillarni o‘rganib chiqqan. Unga ko‘ra, ona tilini puxta o‘rganish va unga asoslangan ta’lim (Mother Tongue Based) aholi savodxonligi va muvaffaqiyatli o‘qish, mehnat bozoriga kirish imkoniyatlarini oshiradi. Shuningdek, mahalliy tilga ko‘proq e’tibor qaratadigan mamlakatlarda ijtimoiy taraqqiyot, harakatchanlik va kapitalning yaxshilanishi aniqlangan, deyiladi tadqiqotda.
YuNeSKO tadqiqotiga ko‘ra, o‘rta muddatli istiqbolda ona tiliga asoslangan ta’lim dasturlarida ta’lim olgan bolalarda nafaqat savodxonlik ko‘nikmalari, balki o‘ziga bo‘lgan ishonch va madaniy g‘urur ham oshadi.
Tanganing ikkinchi tomoni
Farzandining chet tilli maktablarda emas, balki o‘zbek maktablarida savod chiqarishini xohlayotgan ota-onalar fikri bilan ham qiziqdik. Ular bolaning savodi nima uchun ona tilida chiqishi muhim ekani haqida turli argumentlar keltirdi.
“Bosqinchining tilini ona tilim demasin”
Sirojiddin To‘rabekov, marketolog:
– Bolalarimning savodi o‘zbek tilida chiqishini qo‘llayman. O‘zbek tilli maktabgina bolaning o‘zbek bo‘lib tarbiya olishida va o‘zbek bo‘lib ulg‘ayishiga asos bo‘lishi mumkin. Hozir Toshkentda hamma yoq yoki o‘rischa, yoki arabcha yoki inglizcha. Oxirgi ikki yilda izlab o‘zbekona ruh beradigan, o‘zligini, tarixini va kimligini uqtirib, tarbiya va ta’lim beradigan maktab topa olmadim. 8 yoshli va 7 yoshli ikki o‘g‘lim oxiri davlat maktabiga chiqdi. Hozir 99 foiz hamkasblarim bolasini rus maktabiga berishadi. Sabab qilib o‘zlari ishda ruschani bilmagani uchun qiynalganini keltirishadi. Men buni qabul qilolmadim. Bolalarimning 3000 yillar bu buyuk kengliklarda ot choptirgan ota-bobolari haqida to‘liq bilishi va o‘zini shu odamlarning avlodi deb katta bo‘lishi men uchun juda muhim. 100 yil oldin bostirib kelgan bosqinchining tilini ona tilim demasin, agar shunday deb katta bo‘lsa, vatanni boy beramiz.
“Boshqa tillar o‘zbek tili ustiga quriladi”
Ilyos Safarov, “Vatandosh” loyihasi jurnalisti:
– Farzandlarimga xorijiy tillarni o‘qitaman, bir nechta xorijiy tillarni bilib katta bo‘lishi kerak. Faqat bitta shunaqa qat’iy tartib bo‘ladi: 5-6 sinflargacha bolalarim to‘liq o‘zbek bog‘cha va maktablarda ta’lim olishadi, o‘zbek tilida savodi chiqadi. Umuman, o‘zbek bo‘lib, o‘zining ongini tanishi kerak va qolgan tillar shu asosga quriladi. Undan keyin xorijiy tillarni o‘rganishadi. Shundagina yuragi o‘zbek bo‘lib katta bo‘ladi. Qizimga ham Sevinch deb ism qo‘yganman. Bu ism haqiqiy turkiycha, o‘zbekcha ism. O‘zligimizdagi bir kamayib ketayotgan ismlarni saqlab qolish uchun ham shu ismni tanlaganman.
“Uchinchi madaniyat bolalari paydo bo‘ladi”
Beruniy Alimov, jurnalist:
– Katta farzandim 3 yosh, kichigi 1 yoshligida Yaponiyaga ko‘chib ketganmiz. Ish yuzasidan 4-5 yil o‘sha yerda yashadik. Tabiiyki, bolalar yapon bog‘cha va maktabiga chiqishgan va ular o‘zaro yapon tilida gaplashishardi. Katta bo‘lguncha ular 8 marta maktab o‘zgartirishdi va bunda o‘zimni aybdor deb his qilaman. Moskvada ham bir muddat yashadik. Uyda doimiy o‘zbek muhitini yaratib berishimizga qaramasdan ular qandaydir uchinchi madaniyat bolalariga aylanib qolishgandek tuyulardi. Umuman olganda til o‘rganishni qo‘llab-quvvatlayman. Abu Rayhon Beruniy o‘z davrida 9 tilda gaplasha olgan. Lekin dastlabki ta’lim ona tilida bo‘lishi kerak. Buni hech qanaqa millatchilik deb tushunish kerak emas. Ya’ni bolalarimiz boshqa madaniyatga moslashib ketmasligi uchun ona tilida savodi chiqishi juda muhim. Chunki har bir millat o‘ziga xosligini saqlab qolishi kerak.
Ota-onalarning rus tili murakkab, o‘rganish oson emas degan gapiga ham uncha qo‘shilmayman. Mening o‘zim oddiy o‘zbek maktab bog‘chasiga borganman. Keyin Toshkentga kelib rus tilini o‘rgandim va hozir rus tilida dars beraman. Rus tilini o‘rganish bolaga keyinchalik stress bo‘ladi deb o‘ylamayman.
Ayrim ota-onalar qo‘shimcha tilni yoshligida o‘rgansa, keyin til o‘rganishga ketadigan vaqtni boshqa narsaga sarflaydi deb o‘ylaydi. Lekin bilasizmi, hozir 40 yoshdan oshgan o‘zbeklar menga o‘zbek tilini o‘rgatishimni so‘rayapti. Ya’ni ona tilisini xorijiy til sifatida o‘rganishyapti. Ba’zan ikki o‘zbek o‘rtasida tarjimonlik qilishimga ham to‘g‘ri kelgan. Albatta, bunga ularni hayot majbur qilgan. Yoshi katta bo‘lganda ham qaysidir ma’noda o‘zbek bo‘lib, o‘zbek tilini bilmaganlarga rahmim keladi. Savodi o‘zbek tilida chiqmagan odam, tilni mahalliy aholidek his qilolmaydi.
Bolalar psixologi nima deydi?
Bolalar psixologi Oydina Yo‘ldosheva bola ilk savodini chet tilida emas, o‘z ona tilida chiqargani ma’qul deydi, Kun.uz muxbiri bilan suhbatda. “2-3 yoshdagi bolalar so‘z boyligi 50-250 tagacha bo‘lib, bu lug‘at asosan atrof-muhit o‘rganish va yaqinlari bilan muloqot orqali boyiydi. Bola ilk ta’limni ona tilida olsa, murakkab so‘zlarni oson tushunadi, tahlil qilish va intellektual salohiyati rivojlanadi. Shuningdek, u milliy madaniyat va odob-axloq tushunchalarini tezroq anglaydi, atrofdagilar bilan oson muloqotga kirishib, fikrini erkin ifodalaydi hamda o‘ziga bo‘lgan ishonchi oshadi”, – deydi psixolog.
U ona tilidagi savod kommunikativ ko‘nikmalarni mustahkamlashi, xorijiy tilda esa bu jarayon oson kechmasligini qo‘shimcha qildi. Sababi bola chet tilida cheklanib qolishi va o‘z ona tilida nutqi ravon bo‘lgandan keyin malakali pedagog yordami bilan boshqa xorijiy tillarni o‘rganishni boshlash mumkinligini tavsiya qildi.
Shuningdek, u ona tilida emas, balki boshqa tillarda savod chiqarsa, gaplashsa, bu biror muammoga sabab bo‘lishi mumkinmi, degan savolga Ibuka Masaruning tavsiyalarini misol qilib keltirdi. “Uchdan keyin” asarida kichik yoshdagi bolalarga bir nechta tilni o‘rgatish mumkinligi haqida ko‘plab ma’lumotlar berilgan. “Ammo bu jarayon muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun to‘g‘ri yondashuv, malakali mutaxassis mashg‘uloti va ota-onalar yordami, doimiy muloqot zarur. Aks holda, ko‘plab xorijiy til palapartish o‘rgatilganida, bolada nutqi kechikishi, so‘zlashuvda qiyinchiliklar, cheklangan so‘z boyligi, tilni buzib muloqot qilish holatlari yuzaga kelishi mumkin”, – dedi Oydina Yo‘ldosheva.
Zuhra Abduhalimova, jurnalist