O‘zbekiston “One in Two out” qoidasini takomillashtiradi: “One in Ten out” 

Iqtisodiyot 17:20 / 12.07.2017 13315

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlarga yanada ko‘proq imkoniyatlar taqdim etish, ularning faoliyatiga tinimsiz aralashuvlarga barham berish O‘zbekistonda tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Shu o‘rinda, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, litsenziya olish borasida talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxatini qisqartirish ham so‘nggi vaqtlarda ushbu sohaning ko‘pchilik vakillarini qiynayotgan savollardan biridir. 

Shu bilan birga, ta'kidlash kerak, adliya vazirligi huzuridagi “Yagona darcha” markazlarida davlat xizmatlarini ko‘rsatish avvalgi 16tadan 25taga yetkazildi. 

Biroq, so‘nggi vaqtlarda, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda turli xil hujjatlarning sonini qisqartirish masalasi dolzarb masalalardan ekanini Xalqaro Press-klub sessiyasi ishtirokchilaridan biri ham qayd etar ekan, masalaga o‘z yechimini taklif etdi. U bu borada xalqaro tajribani inobatga olgan holda “One in Two out” qoidasini ilgari surdi. Ushbu qoidaga muvofiq, bir qoida kiritiladi hamda uning evaziga keraksiz deb topilgan ikkitasi bekor qilinadi. 

Foto: Xalqaro press-klub 

Bu borada o‘z fikrlarini bildirgan Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, dastlab davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Yagona darcha” markazlariga to‘xtalib, hozirda ushbu markazlar xizmatlari soni 25 taga yetkazilgani, biroq, ayni vaqtda SSP va adliya vazirligi 2030 yilgacha bu ro‘yxatni 80 tagacha yetkazish dasturi bo‘yicha ish olib borayotganini ta'kidladi. 

Foto: Xalqaro press-klub 

“Hozirda, bizda vazirlik va idoralar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish ro‘yxatini kengaytirish borasida o‘ziga xos kimo‘zar bo‘lmoqda. Ammo, amalda bu xizmatlar tadbirkorlarga kerak emasdir. Shunga binoan, tadbirkorlarning o‘zlari ham faolroq bo‘lib, ularga qanday xizmatlar kerak, qaysilari kerakmasligi borasida bildirishsa, ayni muddao bo‘lardi. Shunga ko‘ra, balki SSP va Adliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirayotganimiz 2030 yilgacha davlat xizmatlari ko‘rsatishni 80tagacha yetkazish dasturini kamaytirish tomon qayta ko‘rib chiqarmiz. O‘ylaymanki, Vazirlar Mahkamasi va Adliya vazirligi bizni bu borada qo‘llab-quvvatlaydi”,- dedi SSP rahbari. 

SSP raisi bir o‘zgarish evaziga ikkitasini bekor qilish bo‘yicha xalqaro tajribani inobatga olish xususida ham gapirib, O‘zbekistonda bu qoida birmuncha o‘zgartirilishi mumkinligini aytdi. 

“Rivojlangan davlatlar, AQShning “One in Two out” dasturi bo‘yicha tajribasi haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, aytish mumkinki, biz o‘zimizdagi normativ hujjatlarni ko‘zdan kechirganda shunday holatlarga duch keldikki, biz “One in Ten out” qoidasini (1 ta yangi o‘zgarish kiritilsa, 10 ta eskisi bekor qilinadi) hech qanday muammolarsiz qo‘llashimiz mumkin. Bu ham tadbirkorlik muhiti uchun ijobiy bo‘ladi”, deya ta'kidladi Adham Ikromov. 

Ko‘proq yangiliklar: