9 iyul kuni eng mashhur elektromobillar ishlab chiqaruvchi Tesla o‘zining birinchi seriyali eng arzon modeli — Model 3 mashinasini namoyish etdi. Bir vaqtning o‘zida Volvo ikki yildan so‘ng yoqilg‘ida ishlovchi avtomobillarni ishlab chiqarishni to‘xtatishini e'lon qildi. Fransiya ham ambtsiyalilikda bundan sira kam bo‘lmagan rejalar qurmoqda. Elektromobillar dunyoni egallashi endi fakt emas, muddatlari belgilanib bo‘lgan voqelikka aylanmoqda. Bular haqida nimalarni bilishimiz kerakligi haqida Meduza nashri tahlilini e'tiboringizga havola etamiz.
Ichki yonuv dvigateli — o‘tgan asr sarqiti
Yirik avtoishlabchiqaruvchilar ichida Volvo o‘z oldiga muayyan maqsad qo‘ydi: 2019 yildan boshlab, faqat yoqilg‘ida ishlovchi avtomobillardan butkul voz kechish. Bu yo‘nalishni barcha kompaniyalar rivojlantirmoqda. Hali hech kim ertagayoq odamlar mashinalariga benzin yo solyarka quyishdan o‘zlarini tiya boshlashlari haqida gapirayotgani yo‘q, lekin gibrid modellarga o‘tishayotgani — obektiv voqelik. «Biz uglerod qo‘shoksidi (is gazi) chiqishini kamaytirib, shaharlardagi havo sifatini oshirishni istaymiz», — degan Volvo Cars rahbari Hokan Samuelson.
2040 yilga borib jahondagi mashinalarning uchdan biri elektrokar bo‘ladi
Bloomberg tahlilchilari hozircha shu fikrda. Sotuv hajmi bo‘yicha elektromobillar ichki yonuv dvigatelli mashinalarni 2038 yilda quvib o‘tadi.
Volvo taraflardan yangaragan yangilikdan so‘ng Fransiyaning ekologik o‘zgarishlar bo‘yicha vaziri 2040 yilga borib mamlakatda benzil yoki dizel yoqilg‘isida ishlovchi mashinalar savdosi taqiqlanishini aytgan. Parijning rejalarida lo‘ndalik ko‘zga tashlanmayotgan esa-da, hukumat eski mashinasini yangisi — ekologik tozasiga almashtirmoqchi bo‘lganlarning xarajatlarini kompensatsiya qilishni va'da qilmoqda.
FOTO: Elektromobillar va oddiy mashinalar sotuvi hajmi (mln. dona)
Elektromobillar juda kam, lekin ishlab chiqarish sur'atlari doimiy o‘sishda
Bloomberg’ning o‘sha taxminiga ko‘ra, 2025 yilga borib, elektr mashinalar benzinda ishlovchi mashinalar bilan bir narxda sotiladi. Elektromobillar bozori shiddat bilan o‘smoqda, 2016 yilning o‘zida mashinalar soni 60 foizga oshgan. Lekin hanuzgacha ularning soni sezilmaydigan darajada kam — turli baholashlarga ko‘ra, ularning ulushi 0,2 foizdan 1 foizgacha. Ya'ni, jahondagi har 500 tadan 100 tagacha mashinaning biri elektrokar.
FOTO: Elektromobillar soni (ming dona)
Hamma gap batareyada
Elektromobillarning eng qimmat qismi ham shu o‘zi — u mashina narxining qoq yarmisini tashkil etadi! Lekin akkumulyatorlar narxi kundan kunga pasaymoqda. Nafaqat elektromobillarni jihozlash, shuningdek, butun bir shaharlarning energiyasini saqlashni maqsad qilgan Tesla aynan samarali akkumulyatorlar yaratish ustida ish olib bormoqda.
Tesla yaqinda tezkor quvvatlash stansiyalari (bunda mashinani garajda tuni bilan quvvatlash uchun qoldirmaysiz, stansiyada yarim soat quvvat olish yetarli bo‘ladi) bozorida yagona kompaniya nomidan mosuvo bo‘ladi. 2018 yilga borib Volkswagen konserni AQShda o‘z tarmog‘ini barpo etishga kirishadi va bu maqsadi uchun 2 milliard dollar sarflaydi.
Elektrda ishlaydimi — qimmat degani emas
Elektromobillar seriyali ishlab chiqarish onlarigacha ko‘proq dabdabayu-as'asa matohi hisoblanib kelinayotgandi. Eng «kuchsiz» Tesla Model S’ning narxi ham uncha-muncha odamni chaqib oladi — naq 60 ming dollar! Endi esa hattoki Tesla ham byudjyetli namunalar ishlab chiqarishni boshladi (Model 3 — 35 ming dollar). Boshqa ishlab chiqaruvchilardan to‘laqonli modellar yanada arzon bo‘lishi ham mumkin: mo‘'jaz Renault Twizy (7 ming yevro) dan tortib yangi Hyundai Ioniq Electric (30 ming dollar) gacha.
Xullas, buyog‘iga elektromobillar ko‘payganidan ko‘payaveradi. 2020 yilga borib, dunyo bo‘ylab bunday avtomobillar modellarining soni yuzdan oshishi kutilmoqda.