Ichki iste'mol bozorida narxlarni barqarorlashtirishga ko‘maklashish Jamg‘armasi tashkil etildi

Iqtisodiyot 19:42 / 10.07.2017 21072

O‘zbekistonda ichki iste'mol bozorida narxlarni barqarorlashtirishga ko‘mak ko‘rsatish Jamg‘armasi tashkil etildi. 

Yangi jamg‘arma O‘zbekiston Prezidentining “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli ta'minlashga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etildi.

Jamg‘arma yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus jamg‘armasi ko‘rinishida, uning mablag‘lari qat'iyan Respublika komissiyasi qarorlari bo‘yicha sarflanadigan holda tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jamg‘armaga 100 mln. AQSh dollari miqdorida mablag‘ taqdim etadi.

Jamg‘arma mablag‘lari birinchi navbatda, go‘sht, o‘simlik va hayvon yog‘i, g‘alla, un, kartoshka, sabzi, boshpiyoz, shuningdek, boshqa muhim ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarini ichki bozordagi oziq-ovqat tovarlariga bo‘lgan talab va takliflarning mavsumiy va jadal tebranishlarini silliqlashtirishga yo‘naltiriladi.

Jamg‘armaning ishlatilgan mablag‘lari keyinchalik xarid qilingan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarini ichki iste'mol bozorida sotishdan kelib tushadigan mablag‘lar summasi hisobiga tiklanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Respublika komissiyasi qaroridan keyin, tanlov asosida, Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Respublika komissiyasi tomonidan belgilangan hajmlarda jumladan, go‘sht, o‘simlik va hayvon yog‘i, shuningdek, ichki bozorda yetishmayotgan boshqa muhim oziq-ovqat mahsulotlarining import qilinishini qisqa muddatlarda ta'minlaydi.

Belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha Jamg‘arma hisobidan import qilinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari 2018 yilning 1 apreligacha bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2017 yilda o‘zining shaxsiy valyuta resurslari hisobidan byudjyetdan moliyalashtiriladigan sog‘liqni saqlash muassasalari, avvalo, oilaviy poliklinikalar, shoshilinch va tez tibbiy yordam muassasalari uchun dori vositalari va tibbiyotga mo‘ljallangan buyumlarni xarid qilishga ekvivalenti 70 mln. AQSh dollari miqdoridagi qo‘shimcha valyuta mablag‘larini ajratadi.

Ko‘proq yangiliklar: