2017 yilning ikkinchi choragida Xiaomi 23,16 mln. smartfon yetkazib bergan va bu ko‘rsatkich kompaniya uchun rekord natija hisoblanadi. 2017 yilning birinchi kvartaliga nisbatan o‘sish 70 foizga teng, degan vc.ru’ga Xiaomi’dagilar.
Kompaniyadagilar ikki yil vaqt sarflangan muvaffaqiyatli qayta tuzilish hisobiga savdo hajmi oshganini ta'kidlashmoqda. Xususan, Xiaomi o‘z qurilmalari sifatini maxsus nazorat bo‘linmasi yordamida yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi, deydi kompaniya rahbari Ley Jyun o‘z xodimlariga murojaatida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 2016 yilda smartfonlar savdosi yetkazib berishdagi uzilishlar sabab kamayib ketgan, biroq kompaniya endi yetkazib beruvchilar bilan ishlash uslubini va biznesning boshqa jabhalarini o‘zgartirgan. Chakana savdoning oshishi hisobiga ham yetkazib berish hajmi ko‘payishiga erishilgan, deydi Jyun. Xitoyda ayni damda 123 ta Xiaomi brend do‘konlari faoliyat ko‘rsatmoqda, 8 iyul kuni kompaniya na 8 ta do‘konni foydalanishga topshiradi.
Jyunning fikricha, Xiaomi Xitoydan tashqaridagi bozorlarga ham muvaffaqiyatli kirib borgan, Hindistondagi mahalliy smartfonlar bozorida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan. «Biz shuningdek, Indoneziya, Rossiya, Ukraina va boshqa bir qator davlatlarda ajoyib natijalarga erishmoqdamiz», — dedi u. 2018 yilda kompaniya 100 millionta smartfon sotishni mo‘ljallamoqda (taqqoslash uchun: Apple 2017 yilning birinchi choragida 50,8 mln.ta iPhone sotgan).
Xiaomi 2015 yilda ham o‘z oldiga ana shunday reja qo‘ygan edi, biroq keyinroq kompaniya maqsadini 80 milliontaga tushirgan, so‘ngra 70 mln.ta smartfon ishlab chiqarib, uni bajara olmagan edi. 2016 yil yakunlariga ko‘ra kompaniya savdolar bo‘yicha ma'lumotlarni e'lon qilmagan. O‘shanda Jyun Xiaomi «haddan tashqari tez o‘sayotgani»ni aytib o‘tgan edi.