Seat kompaniyasi Ispaniyaning Barselona shahrida o‘zi ishlab chiqargan yangi model — Arona ixcham krossoverining tanishtiruvini mutlaqo o‘zgacha tarzda o‘tkazdi. Avtomobil vertolyot yordamida osmonga ko‘tarildi va ikkinchi vertolyotdan s'yomka ishlari olib borildi.
Krossover maxsus tayyorlangan N-simon platformaga mahkamlandi. Parvoz shahar sohili hududida 300 metr balandlikda o‘tdi va 50 daqiqa davom etdi. Vertolyot vaqti-vaqti bilan o‘z tezligini soatiga 80 kilometrgacha oshirib turdi. Avtomobil vertolyot ostida 20 metrda osilib turdi.Ilk marta Seat Arona iyun oyida tanishtirilgan edi. MQB A0 platformasida barpo etilgan ixcham model («Ibitsa»dan salgina yirik) Citroen C3 Aircross, Hyundai Kona, Kia Stonic va Nissan Juke bilan raqobatga kirishadi.
Yangi avtomobilning motori 95 ot kuchidan iborat, uch silindrli bo‘lib, 1 litr hajmga ega. Ushbu motorning 115 ot kuchiga ega namunasi ham bor, shuningdek, turbolashtirilgan 4 silindrli, 150 ot kuchiga ega versiyasi ham. Mashina ayrim bozorlarga 110 ot kuchiga ega atmosferali motor bilan chiqariladi.
Bundan tashqari, model 1,6 litr hajmga ega 95 va 115 ot kuchiga teng dizel motorlar hamda 90 ot kuchiga ega gazda ishlovchi motor bilan ham taklif qilinadi.
Arona’ning jihozlariga adaptatsiyalashgan kruiz-nazorat, orqani tasvirlovchi kamera, kalitsiz yoqish qurilmasi, avtoto‘xtatgich, smartfonlar uchun simsiz quvvatlash qurilmasi, 8 dyuym ekranga ega multimediya majmuasi, olti karnayli va 300 vattli sakkiz kanalli kuchaytirgichga ega sabvuferli Beats audiotizimi kiradi.
Yangi avtomobil keng ommaga kuzda, Frankfurtda o‘tadigan avtoshouda namoyish etiladi.