Bugun, 5 iyul kuni Toshkent shahridagi Inha universitetida dasturiy mahsulotlar eksportchilari bilan O‘zbekiston Prezidentining "Respublikada axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonda belgilangan vazifalar ijrosining mexanizmlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhokama bo‘lib o‘tdi. Ushbu farmon doirasida Axborot texnologiyalarini ishlab chiqarish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha "Mirzo Ulugbek Innovation Center" innovatsiya markazi tashkil etilmoqda.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa davlat organlari vakillari, shuningdek axborot texnologiyalari bozorida faoliyat yurituvchi kompaniyalar rahbarlari hamda shu yo‘nalishda ta'lim oluvchi OTM talabalari ishtirok etishdi. "Kun.uz" muxbiri shu haqida xabar berdi.
"Mirzo Ulugbek Innovation Center" innovatsiya markazining maqsadi - iqtisodiyot sohalariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, ilm-fan, ta'lim hamda ishlab chiqarish jarayonlarini markazlashtirish.
Mazkur innovatsiya markazi axborot texnologiyalari mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun eng qulay sharoitlarni yaratish maqsadida butun respublika hududida Innovatsiya markazi rezidentlarini joylashtirgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida eksterritoriallik tamoyili asosida tashkil qilinadi. Markazning faoliyat yuritish muddati 10 yildan iborat bo‘lib, kelgusida uni uzaytirish imkoniyati saqlab qolinadi.
Muhokama tarzida o‘tgan yig‘ilishda savollar bilan birga ko‘plab takliflar va bahsli masalalar ham ko‘tarildi. Shunisi quvonarliki, Innovatsiya markazi faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha OTM talabalari ham IT-kompaniyalar vakillari bilan bir qatorda o‘zlarining fikr-mulohazalari va takliflarini ochiq bayon qilish imkoniga ega bo‘lishdi. Startaperlar loyihalarni amalga oshirish yo‘lida uchrayotgan to‘siqlar, IT sohasidagi kadrlar masalasi, soha mutaxassislarining maoshi, mualliflik huquqi kabi qator muammolar muhokama qilinib, inobatga olindi.
Tadbirda "Mirzo Ulugbek Innovation Center" innovatsiya markazi faoliyati bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishga kelishib olindi. Guruhda dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi va vaziyatning eng optimal variantlari taqdim etiladi.
Shuningdek markaz qoshida kadrlarni tayyorlash bo‘limini ochish, o‘qituvchilar tarkibi sifatini oshirish, ularni raqobatbardosh ish haqi bilan ta'minlash, markaz va mutaxassislar o‘rtasida o‘ziga xos klaster tuzish, maxsus AT-maktablarini ochish, mahalliy kadrlarni ko‘paytirish, Inha yoki Innovatsiya markazi qoshida yuristlar malakasini oshirish kurslarini tashkil qilishga doir takliflar berildi. Har bir taklif tashkilotchilar tomonidan yozib olindi va batafsil ko‘rib chiqilishi ma'lum qilindi.
Tashkilotchilar shuningdek, barcha savol va takliflar o‘rganilishi barobarida kerak bo‘lsa, qonunchilikka o‘zgarishlar kiritishga va'da berishdi.