Google kompaniyasiga tegishli YouTube videoxostingi vakillari ekstremistik kontentga qarshi kurashish uchun amalga oshiradigan o‘zgartirishlar ro‘yxatini chop etdi. Kompaniya bu yo‘nalishda 4 ta o‘zgartirish kiritishini ma'lum qildi, deb yozmoqda theRunet.
Google vitse-prezidenti va bosh huquqiy maslahatchisi Kent Volkerning aytishicha, ko‘plab instrumentlar mavjudligiga qaramasdan, internet-kompaniyalarga bu yo‘nalishda yana ko‘p ish qilishlariga to‘g‘ri keladi.
Ekstremistik videoni avtomatik aniqlash va o‘chirish uchun instrumentlar to‘plami yaxshilanadi. U mashinaviy saboq olish texnologiyasi hisobiga modernizatsiya qilinadi.
Kompaniya xavfli videolarni kuzatib boruvchi jamoatchilik tashkilotlaridan mutaxassislar sonini oshiradi. Volkerning aytishicha, ularning soni deyarli ikki martaga oshadi, ekstremistik kontentni qidirish bilan shug‘ullanuvchi 63 ta tashkilotga yana 50 ta tashkilot qo‘shiladi.
Kompaniyalar standartlarni qat'iylashtiradi. Misol uchun, bir dinning ustunligi haqida so‘zlanuvchi video o‘chirilmaydi, biroq unga ogohlantirish qilinadi. Bundan tashqari, bunday roliklardan reklama olib tashlanadi.
Shuningdek, korporatsiya vakillari ekstremizm haqidagi ma'lumotga ega videoni tomosha qiluvchi foydalanuvchilar bilan bog‘lanadi. Bunday roliklar terrorchilarni yollashda qo‘llanishi mumkin. Ularni tomosha qiluvchilarga o‘z qarashlarini qayta ko‘rib chiqishlari uchun ekstremizmga qarshi mazmundagi videolarga havolalar jo‘natiladi.
Volkerning ta'kidlashicha, YouTube terrorchilikka qarshi instrumentlarni sayqallash uchun Facebook va Twitter bilan hamkorlik qiladi.