Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida bor-yo‘g‘i 28 dollarga internetga ulangan deyarli istalgan veb-kamera ustidan nazoratni qo‘lga kiritishga imkon bera olishi e'tirof etilayotgan dastur sotilmoqda. Bu haqda Xitoy OAVga iqtibos keltirgan holda hi-tech.mail.ru xabar bermoqda.
Nashrning ta'kidlashicha, dastur internetni skaner qilib, odatda uy yoki bolalar ortidan kuzatishga mo‘ljallangan kameralarga kirishni qo‘lga kiritadi.
Shu tariqa g‘araz niyatli kimsalar veb-kameralar yordamida hech narsadan bexabar odamlar ortidan kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, xitoylik xakerlar ijtimoiy tarmoqlarda buzib kirilgan kameralarning login va parollari joylashtiruvchi guruhlar yaratganlar. Bunday guruhlarda har kuni buzib kirilgan 200-400 ta kamera haqida axborot chop etib boriladi. Bu axborot sotilayotgan dasturning sifatini namoyish qilish uchun bepul chop etiladi.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, kameralarga buzib kirish osondir, chunki ulardan aksariyati bir-biriga o‘xshash dasturdan foydalanadi. Biror kameraning dasturida zaif joy aniqlanganda, unda shunga o‘xshash dasturdan foydalanuvchi barcha qurilmalar avtomatik ravishda xavf ostida qoladi.
Mutaxassislar qurilmaga kirishga zavodda o‘rnatilgan parolni o‘zgartirishni va oson parollardan foydalanmaslikni tavsiya qilishmoqda.