AQShning Tesla kompaniyasi Xitoyda elektromobillar yig‘ishni boshlash bo‘yicha kelishuvni tuzishga yaqin. Bu haqda 19 iyunda Bloomberg axborot agentligi xabar berdi.
Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Tesla bu masala bo‘yicha Shanxay ma'muriyati bilan muzokaralarni yakunlamoqda. Rasman bitim joriy haftada e'lon qilinishi mumkin, chunki tomonlar barcha shartlar bo‘yicha kelishib olishgan.
Shartnoma loyihasida Tesla va kamida bitta Xitoy kompaniyasi ishtirokida qo‘shma korxona yaratish ko‘zda tutilgan. Bitim Tesla’ga o‘z avtomobillarini 25 foizlik soliq to‘lamagan holda sotish imkonini beradi. Hozircha esa Tesla mashinalari Xitoyda AQShdagidan qimmatroq turadi. O‘tgan yil AQSh kompaniyasining Xitoydagi savdo hajmi uch barobarga oshib, 1 mlrd dollardan ko‘proqni tashkil qilgandi.