Microsoft’ning yangi noutbuki ta'mirlash uchun yaroqsiz deb topildi

Fan-texnika 10:26 / 19.06.2017 8023

Turli qurilmalarning ta'mirlanishga yaroqligiga baho beruvchi iFixit portali  Microsoft’ning yangi Surface Laptop noutbukiga 10 balldan 0 ball berdi. Mutaxassislar noutbuk buziladigan bo‘lsa, uni korpusi yoki biror komponentiga shikast yetkazmasdan ta'mirlashning iloji yo‘qligi haqidagi xulosaga kelishgan.

iFixit xodimlari dastlab noutbukning orqa qopqog‘ini ochishga imkon beruvchi biror bir vintni topishga harakat qilib ko‘rishgan. Mutaxassislar vintlar qurilmaning rezina oyoqchalari tagida bo‘lsa kerak, deb o‘ylashgan. Biroq u yerda shunchaki metall qo‘yilmalar bo‘lgan, xolos.

Shunda iFixit’da alkantaradan (sun'iy zamshdan) tayyorlangan klaviatura jildini olishga harakat qilingan, biroq buni beshikast qilishning iloji bo‘lmagan. Mutaxassislar buning uchun fendan foydalanib ko‘rishgan, biroq u bir necha klavishani eritganigina qolgan, xolos. Shu bosqichdayoq noutbukni korpusiga beshikast holda bo‘laklashning imkoni yo‘qligi aniq bo‘lgan. Ko‘chirib olingan jildni joyiga qayta yopishtirib qo‘yish yoki undan takroran foydalanishning imkoni yo‘q.  

Portal mutaxassislari oxir-oqibat noutbukning ichiga yetib borishga muvaffaq bo‘lishganda uning qismlari maxsus termohimoyalagichlar bilan yopilgani va ularni olgandan keyin ortga qaytarib qo‘yib bo‘lmasligini aniqlashgan. 

Bo‘laklash yakunlangach, mutaxassislar o‘z xulosalarini chiqarishgan. 

Noutbuk ichini akkumulyatorga yopishtirib qo‘yilgan korpusi va klaviaturasiga katta shikast yetkazmagan holda ochib bo‘lmaydi.

Akkumulyatorning o‘zi esa shu tariqa joylanganki, uni almashtirish uchun noutbukni to‘liq bo‘laklash kerak. Biroq shundan keyin ham batareya korpusga yopishtirib qo‘yilganiga duch kelinadi. Akkumulyatorlar servis markazlariga murojaat qilishga eng ko‘p sabablardan biri bo‘lishi sababli, bu noutbukning ishlash muddatini juda qattiq chegaralaydi.  

Noutbukning protsessor, tezkor xotira va qattiq diski kabi asosiy qismlari bosh plataga qalaylab qo‘yilgan. Bu esa ularni almashtirish yoki yangilashni imkonsiz qiladi. Tezkor xotira yoki SSD bilan muammo chiqqanda, bosh platani to‘liq almashtirishga to‘g‘ri keladi.

Quloqchinlar uchun mo‘ljallangan raz'yomga (bu modul noutbuklarda eng ko‘p ishdan chiqadi) sovitgich, ventilyator, displey va bosh platani yechibgina, yetib bo‘ladi. 

Portal o‘zining 10 ballik ta'mirlashga yaroqlilik shkalasidan Surface Laptop’ga 0 ball berdi va uni ta'mirlash "tungi dahshat" kabi ekanligini qayd qilib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: