Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari «aqlli» bo‘ladi

Fan-texnika 21:48 / 19.06.2017 111108

Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari shaxsni tasdiqlovchi hujjat statusiga ega bo‘ladi — u xorijiy davlatlarda ishlatiladigan ID-kartalarga o‘xshash bo‘ladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 19 iyun kuni chiqarilgan №389-sonli qarorida nazarda tutilgan, deb yozadi Uz24.

Yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasining namunasi. Old tomoni / Foto: Uz24.uz

Hujjatga ko‘ra, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalari plastikdan tayyorlanadi va jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsion raqami (JSh ShIR) hamda qurilmalar o‘rtasida kontaktsiz ma'lumotlar almashish imkonini beruvchi maxsus elektron belgi (NFC smart-kart) bilan ta'minlanadi.

2021 yilning 1 yanvariga qadar texnik ko‘rikdan o‘tganlik haqidagi ma'lumotlar, avtotransportga egalik qilish yoki undan foydalanish uchun ishonchnoma, fuqarolik majburiyati sug‘urta polisiga egalik ham bosqichma-bosqich elektron shaklga o‘tkaziladi — ular ham NFC chipi ichiga kiritiladi.

Bu hujjatlarning qog‘ozdagi ko‘rinishini majburiy tarzda rasmiylashtirishni bekor qiladi.

Shuningdek, eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini almashtirish jarayoni ham soddalashtirildi. Qarorga ko‘ra, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalarini olish uchun haydovchilar faqat pasport, eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va talonni taqdim etishsa kifoya.

Ichki ishlar organlari tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatini joriy etish bilan O‘zbekiston Respublikasi IIV qoshidagi «Innovatsion loyihalar va aholiga servis xizmati ko‘rsatish Markazi» shug‘ullanadi. Markaz, shuningdek, yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnomani, shuningdek, ichki ishlar organlari faoliyati doirasidagi boshqa hujjatlarni olish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga zarur hujjatlarni yig‘ish va tayyorlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.

Yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasining namunasi.
Orqa tomoni / Foto: Uz24.uz
Yangi namunadagi avtomototransport vositasi ro‘yxatdan
o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning namunasi. Old tomoni. Foto: Uz24.uz

 

Yangi namunadagi avtomototransport vositasi ro‘yxatdan
o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning namunasi. Orqa tomoni. Foto: Uz24.uz
Ko‘proq yangiliklar: