Volkswagen kompaniyasi I.D. Buzz kontsepti dizayniga o‘xshash elektr minivenni seriyali ishlab chiqarmoqchi.
Bu haqda Auto Express nashriga nemis markasi boshqaruv raisi Gerbert Diss ma'lum qildi.
Taxmin qilinishicha, yangi miniven elektr dvigatel bilan jihozlanadi. Model VW’ning bo‘lg‘usi elektrokarlari uchun maxsus yaratilgan MEB platformasida quriladi. Biroq yangi mashinaning ishlab chiqarilishi aniq muddatlari ma'lum qilinmagan.
I.D. Buzz kontsepti joriy yanvarda Detroyt avtosalonida ilk bor namoyish qilingan. Miniven dizayni T1 modeli uslubida bajarilgan. Prototip umumiy quvvati 370 ot kuchiga ega ikkita elektromotor olgan. Kontsept ilk 100 km/soat tezlikka 5 soniyada erisha oladi, uning maksimal tezligi esa elektronika bilan 160 km/soat bilan cheklangan. Mashina bir quvvatlanishda 600 km ga yaqin yo‘l bosa oladi.
I.D. kontseptual elektrokarlari oilasiga hammasi bo‘lib uchta model: minivendan tashqari, unga xetchbek va krossover kiradi. Ulardan eng birinchi prototip – xetchbek o‘tgan yil kuzida, kupesimon krossover esa 2017 yil aprelida namoyish qilingan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, qolgan elektr kontseptlar ham konveyerga qo‘yilishi mumkin.