Fransiya masofadan boshqariluvchi tezyurar poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘ymoqchi

Fan-texnika 10:26 / 17.06.2017 4137

Fransiyaning milliy temir yo‘l operatori SNCF 2023 yilgacha tezyurar TGV avtonom poyezdlar qatnovini yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda FranceInfo axborot agentligi xabar bermoqda. "Poyezd-dronlar" deb ataluvchi bu poyezdlarni sinovdan o‘tkazish 2019 yilga belgilangan.

Yangi poyezdlar liniyalardagi to‘siqlarni qayd qiladigan va zarur bo‘lganda tarkibni to‘xtatadigan maxsus datchiklar bilan jihozlanadi. Avtomatlashtirilgan poyezdlar soatiga 300 km tezlikkacha tezlasha oladi. Poyezdlarni masofadan turib boshqarish rejalashtirilmoqda, biroq xavfsizlik darajasini oshirish va zarur holda favqulotda choralar ko‘rish uchun poyezd bortida yo‘lboshlovchilar bo‘ladi.

SNCF prezidenti Giyom Pepi Le Figaro nashriga bergan intervyusida agar loyiha muvaffaqiyatli chiqsa, unda SNCF avtomatlashtirilgan tezyurar poyezdlarni ishga tushiradigan dunyodagi birinchi temir yo‘l operatori bo‘ladi.

SNCF direktori yordamchisi Mate Shabanel o‘z navbatida avtomatlashtirilgan poyezdlarni tijorat avialaynerlarida ishlatiluvchi avtopilot tizimiga qiyoslagan.

"Samolyot kabinasida doimo uchuvchi bo‘lgani bilan laynerni avtomatik boshqaruvchi tizim ham ko‘zda tutilgan", deb aytgan Shabanel.

SNCF operatori fikricha, bunday poyezdlarning ishga tushirilishi TGV tarkiblari tezligini va jo‘natilish chastotasini oshirishga imkon beradi. Jumladan, buni TGV liniyasi ko‘plab mahalliy va mintaqaviy temir yo‘l liniyalari bilan kesishadigan Parij atrofida amalga oshirish mumkin. Operatorning fikricha, avtomatlashtirilgan yo‘l tizimini joriy qilish Parij va Lion o‘rtasidagi qatnovlar sonini 25 foizga oshirishga ko‘mak beradi.

Ko‘proq yangiliklar: