IHMC Robotics Lab kompaniyasi «Valkiriya» deb nomlangan ikki oyoqli android-robotning notekis kengliklardagi sinov jarayonini o‘tkazmoqda. Mazkur robot Mars sayyorasini o‘zlashtirishga mo‘ljallangan, deb yozadi TechCrunch.
«Valkiriya» prototipi Lindon Jonson nomidagi fazo markazi (NASA Johnson Space Center) tomonidan ishlab chiqilgan. U atrofdagi obektlar va to‘siqlarni skanlovchi LIDAR datchiklari bilan jihozlangan.
Androidning boshiga o‘rnatilgan MultiSense SL kamerasi atrof-muhitni 3D-stereo va videotasvirga oladi. Uning uchbarmoqli qo‘llariga 38ta datchik o‘rnatilgan. Ikkita Intel Core i7 protsessori robotning «bosh miyasi» vazifasini bajaradi. Garchi, robot sinov vaqtida elektr tarmog‘iga ulab qo‘yilgan bo‘lsa-da, uning batareya quvvati bir soatga yetadi.
Dastlab, NASA «Valkiriya»ni tabiiy ofatlar vaqtida yordam berish uchun ishlab chiqqan edi. Biroq, 2014 yili agentlik maqsadni o‘zgartirib, robotni fazoni o‘zlashtirish yo‘nalishiga moslashtira boshladi. Robotning hozirgi vazifasi Marsdagi bo‘lg‘usi fazoviy baza uchun joyni hozirlashdan iborat. Bundan tashqari, 2035 yilda uchirish mo‘ljallangan fazogirlarni kutib olish, shuningdek, avariya-t'mirllash ishlarini o‘tkazish uning vazifasidir.
Iyun oyi oxirida AQShda Space Robotics Challenge musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Yoz oylari mobaynida 20 jamoa 1 mln dollar miqdoridagi mukofot uchun kurash olib boradi. Tanlov virtual muhitda Gazebo dasturiy ta'minoti negizida bo‘lib o‘tadi.