O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘zaro tovar aylanmasi hajmini 1 mlrd dollarga yetkazadi

Iqtisodiyot 16:50 / 13.06.2017 7644

O‘zbekiston va Afg‘oniston 2017 yil oxiriga qadar o‘zaro mahsulot ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga (hozirda 0,4 milliard dollar - tahr.) yetkazishni rejalashtirgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev ikki mamlakatning ShHT sammiti doirasidagi uchrashuvlaridan keyin ma'lum qilgan.

Vazirning qayd etishicha, ikki davlat prezidentlari har yili O‘zbekistondan Afg‘onistonga 300 ming tonna mineral o‘g‘it, 2 ming dona qishloq xo‘jalik texnikasi, 250 ming tonna bug‘doy hamda qo‘shni mamlakat talabidagi boshqa mahsulotlarni yetkazib berishga kelishib olishgan.

«Bugungi kunda o‘zaro savdo aylanmasi hajmini yiliga kamida 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar bor», – deya qayd etgan G‘aniyev.

Vazirning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G‘ani Mozori Sharif–Shibirg‘on–Maymana–Hirot yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘lni loyihalashtirish va qurish ishlarini tezroq boshlash zarurligini qayd etishgan.

Uning ma'lumot berishicha, ushbu temir yo‘l qurilishi mamlakat shimoli-g‘arbida iqtisodiy yo‘lak yaratish imkonini beradi.

Elyor G‘aniyev O‘zbekiston va Afg‘oniston ikki davlat o‘rtasida savdo va tranzit sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risida bitimni tayyorlamoqda. Bu hujjat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmini oshirishga qaratilgan.

O‘zbekiston Afg‘onistonda yirik loyihalarni amalga oshirmoqchi

2017 yil yanvar oyida O‘zbekiston va Afg‘oniston vakillari tomonidan Kobulda tashqi savdoni 1,5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» qabul qilingan edi. O‘zbekiston TIV ma'lumotiga ko‘ra, 2016 yil yanvar-oktabr oylarida ikki davlat o‘rtasida o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 429 million dollarni tashkil etgan. 

O‘zbekiston va Afg‘onistonning iqtisodiy hamkorligi «Savdo-iqtisodiy munosabatlar to‘g‘risida», «Temiryo‘l transporti sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida», «Xalqaro transport yo‘nalishlari haqida» va «Tranzit va transport sohasidagi hamkorlik to‘g‘rirsida» kabi shartnomalar asosida tashkil etilgan.

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr energiyasi, meva-sabzavotlar, neft mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar eksport qilmoqda. Qurilish, energetika, tog‘-kon sanoati va ta'lim sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda. «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Hayratondan Mozori Sharifgacha temir yo‘l liniyasi qurilgan. Mamlakatimiz ko‘magi bilan Afg‘onistonda ko‘priklar, yuqori voltli elektr liniyalari, optik tolali kabel liniyalari, suv ta'minoti tarmog‘i barpo etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: