Microsoft kompaniyasi Windows Insider dasturi ishtirokchilari uchun Windows 10'ning 16212 raqami ostidagi test variantini ishga tushirdi, biroq bu smartfon va planshetlardagi tizimning buzilishiga olib kelmoqda. MSPoweruser portali operatsion tizimning yangi versiyasini o‘rnatishni tavsiya qilmaydi.
Manbada ta'kidlanishicha, bu versiya xato chiqarilgan bo‘lib, u foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan. Ham Slow Ring, ham Fast Ring foydalanuvchilarida yangilangan versiyani o‘rnatish imkoni bo‘lgan. Shuningdek apdeyt Windows Insider'ga kirish imkoni bo‘lmagan ba'zi foydalanuvchilarda ham mavjud ekanligi aytilmoqda.
Yangilanish to‘xtovsiz yuklash sikllarini yuzaga keltiradi va shu tariqa Windows 10'dagi smartfon va planshetlarni ishdan chiqaradi. Muammoni hal qilish uchun Windows Device Recovery Tool yordamida tizimni to‘liq qayta tiklash taklif etiladi, bu fayllarning o‘chib ketishi va sozlamalarning boshlang‘ich holatiga kelishiga sabab bo‘ladi. Kompyuterlarda hozircha 16212 bilan bog‘liq muammolar kuzatilmagan, lekin baribir uni o‘rnatish tavsiya etilmaydi.
Windows Insider Program — Windows 10 operatsion tizimining yangilangan versiyalarini rasmiy taqdimotidan avval oldindan baholovchi dastur.