Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga qishloq joylarida uy-joy qurish uchun 500 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratilishini ma'qullagan. Ushbu pul mablag‘lari OTBning turli resurslaridan 500 mln. dollar hajmida yig‘iladi. OTB krediti O‘zbekistonning to‘qqiz viloyatida jami 29 ming turar joy qurish imkoniyatini yaratadi.
Uylar qishloq joylarida namunali uy-joy bilan ta'minlash davlat dasturi doirasida barpo etiladi.
OTB tomonidan aytib o‘tilgan ma'lumotlarga ko‘ra, loyihani O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirligi boshqaradi. Kredit mablag‘lari O‘zbekistonning uchta banki — «Ipotekabank», Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki va «Qishloq qurilish bank» tomonidan qayta moliyalanadi. «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi ham odatdagidek, loyihada ishtirok etadi.
OTB 2012–2015 yillarda ham qishloq joylarida namunali uylar qurish bo‘yicha loyihani qo‘llab-quvvatlagandi. Shu davr ichida qishloq joylarida 41,5 mingta uy qurib, foydalanishga topshirildi.
OTBning baholashicha, aholi uchun arzon uy-joylarga kiritilayotgan investitsiya kelgusida bandlikka ham ijobiy ta'sir ko‘rsatadi, chunki qishloq joylarida uy-joylar qurish dasturi qo‘shimcha 220 ming ish o‘rnini yaratadi.
Qishloq joylarda arzon uy-joylar dasturi ayollarning manfaatini ham hisobga oladi. Kutilishicha, loyiha doirasida ajratiladigan ipoteka kreditlarining 30 foizi ayollarga taqdim etiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2016 yil oktabrida 2017–2021 yillarda O‘zbekistonning qishloq joylarida o‘y-joy qurish dasturi qabul qilingan edi.
Dastur doirasida 2017 yilda umumiy maydoni million kvadrat metrdan oshuvchi 15 mingta yangi uy qurilishi rejalashtirilgan. Dasturning joriy yil uchun qiymati — 700 million AQSh dollaridan oshmoqda. Keyingi yillar uchun parametrlar aniqlashtirilib boriladi. 2009–2016 yillarda O‘zbekistonda 70 mingga yaqin uy qurilib, foydalanishga topshirildi.
Ma'lumot o‘rnida: O‘zbekiston 1993 yilda Osiyo taraqqiyot banki a'zosi bo‘ldi. OTB bugunga kelib O‘zbekistonga umumiy summasi 5,7 milliard AQSh dollari bo‘lgan 63 ta kredit taqdim etgan.