Fransiya kompaniyalari O‘zbekistonga investitsiya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqadi

Iqtisodiyot 19:02 / 01.06.2017 5984

Toshkent shahridagi Xalqaro hamkorlik markazida 1 iyun kuni O‘zbekiston – Fransiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda ikki mamlakatning sarmoya, savdo, iqtisodiyot, bank-moliya, energetika, axborot texnologiyalari, qishloq va suv xo‘jaligi, geologiya, ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, transport va kommunikatsiyalar, logistika, aviasozlik, qurilish kabi sohalar uchun mas'ul vazirlik va idoralari, firma va kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Fransiya delegatsiyasiga MEDEF International” Fransiya korxonalari harakatining Fransiya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi raisi Kristof Fonten boshchilik qildi. Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Azim Ahmadxo‘jayev, Fransiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor va boshqalar ishtirok etdi. 

“MEDEF International” Fransiya korxonalari harakati delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida tashkil etilgan ushbu anjuman ko‘p tomonlama aloqalarni faollashtirishga, mamlakatimiz iqtisodiyotining turli tarmoqlariga kiritilayotgan sarmoya hajmini yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda Fransiya – O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 264,8 million AQSh dollarini tashkil qildi.

– Fransiya O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor bilan qaraydi, – dedi Kristof Fonten. – Biznes-forumda Fransiyaning energetika, aviasozlik, transport, suv xo‘jaligi, qurilish, yuqori texnologiyalar, konsalting kabi sohalarga ixtisoslashgan 22 kompaniyasi vakillari ishtirok etmoqda. Kelgusi uchrashuvlarimizda delegatsiyamiz tarkibiga turizm sohasida faoliyat yurituvchi soha mutaxassislarini ham jalb etish niyatidamiz. Zero, bu sohadagi hamkorlikning ham istiqboli katta. O‘zbekistonda o‘z faoliyatimizni yanada kengaytirish, ikki tomonlama aloqalarni faollashtirishdan manfaatdormiz.

O‘zbekiston tomoni muloqot chog‘ida Fransiya tadbirkorlik sub'yektlari bilan hamkorlikda amalga oshirish taklif etilayotgan sarmoyaviy loyihalarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Xususan, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitasi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zmetkombinat”, “O‘zbekoziqovqatxolding”, “O‘zbekenergo”, “O‘zagrotexsanoatxolding” va “O‘zinfokom” kabi aksiyadorlik kompaniyasi va jamiyatlari xodimlari tomonidan mazkur tarmoqlarda hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Fransiyaning Lazard Freres, Areva Mines, SNF SAS va Fives singari kompaniyalari O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiya kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishlarini bildirdi.

Ikki mamlakat ishbilarmonlari biznes-forum doirasidagi davra suhbatlarida atrof-muhit, suv resurslari va munitsipal xizmatlar, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar, transport va logistika, sanoat, energetika hamda qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga oid hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan kengroq foydalanish masalalarini atroflicha muhokama qildi. O‘zaro manfaatli yangi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.

Ko‘proq yangiliklar: