Davlat byudjyetining 2016 yildagi va 2017 yilning 1-choragidagi ijrosi ko‘rildi. YaIMning o‘sishi necha foiz?

Iqtisodiyot 19:35 / 01.06.2017 12396

1 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar parlament nazorati doirasida O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri tomonidan taqdim etilgan Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2016 yildagi hamda 2017 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot xizmati xabar berdi.

Majlisda ta'kidlanganidek, Davlat byudjyeti tasdiqlangan ko‘rsatkichlarga muvofiq va 132 milliard so‘mdan ortiq miqdorda profitsit bilan ijro etildi. YaIMning o‘sishi 7,8 foizni, sanoat mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi tegishincha 6,6 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, aholi jon boshiga real yalpi daromadlar 11 foizga, byudjyet tashkilotlari xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar miqdori tegishincha 15 foizga oshdi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2017 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqish davomida deputatlar ushbu sohadagi ishlarning joriy holatini tanqidiy ravishda tahlil qildilar.

Jumladan ta'kidlanganidek, jahon bozorlarida kon'yunktura barqaror emasligini va raqobat kuchayib borayotganligini hisobga olgan holda investitsiyalarni jalb etishda 2017 yilgi Investitsiya dasturiga kiritilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat hududlariga safarlari chog‘ida ishlab chiqilgan loyihalarning so‘zsiz bajarilishiga birinchi darajali e'tiborni qaratish darkor.

Davlat rahbarining parlament tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlangan tashabbusiga ko‘ra Qonunchilik palatasi deputatlari har oyda mamlakatimizning turli hududlariga boradilar va 10-12 kun mobaynida joylardagi ishlarning haqiqiy ahvolini o‘rganadilar. Bunday amaliyot ko‘plab muammolarning haqiqiy sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash imkonini beradi. O‘rganishlar yakunlari shundan dalolat beradiki, uy-joy kommunal xizmat tizimidagi, transport va yo‘l xo‘jaligidagi, aholi bandligini ta'minlash, sog‘liqni saqlash, ta'lim sohalarini ta'minlashdagi, ya'ni rivojlantirilishi uchun Davlat byudjyetining salkam 60 foizi sarflanadigan ijtimoiy sohadagi kamchiliklar mamlakat mintaqalari aholisini tashvishlantirayotgan eng dolzarb masalalar hisoblanadi.

Majlis davomida deputatlar vazirliklar va idoralar bilan birgalikda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, mahalliy davlat organlari mansabdor shaxslarining ijro intizomini oshirish, Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining kelgusi davr uchun o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirishda xalq deputatlarining tegishli Kengashlari bilan hamkorlik qilish borasida oldinda turgan aniq vazifalarni belgilab oldilar.

Majlis yakunlariga ko‘ra Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Davlat byudjyetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarining 2016 yildagi hamda 2017 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni tasdiqlash haqida qaror qabul qildi.

Ko‘proq yangiliklar: