O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 26 may kuni «2017-2021 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi Qarorga imzo chekdi.
Mazkur hujjat bilan tasdiqlangan Dastur, shu jumladan, qayta tiklanuvchi manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi elektrostansiyalarni qurish uchun investitsiyalarni jalb etishni ham ko‘zda tutadi. Unda ta'kidlanishicha, loyihalar tashabbuskorlariga ko‘mak ko‘rsatiladi.
Xususan, yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri, arxitektura va qurilish qo‘mitalari loyihalar tashabbuskorlariga yer uchastkalarini ajratishda va loyiha tashabbuskorlari murojaatlariga asosan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi uskunalarni qurish loyihalarini vakolatli davlat organlari bilan “yagona darcha” tamoyili orqali kelishishda ko‘maklashadi. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi uskunalarni qurish va foydalanishga topshirishda ruxsat berish tartib-tamoyillaridan o‘tish muddatlariga rioya etilishi yuzasidan nazorat ta'minlanadi.
Xususiy elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar yagona elektr tizimiga ulanadi va shu tariqa energiyani sotishlari mumkin bo‘ladi. Hujjatda quyidagilar belgilangan:
- belgilangan quvvatlari tegishli ravishda 0,2 MVt va 30 MVt bo‘lgan mikro va kichik gidroelektrostansiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi iste'molchilar, shuningdek, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan va ikkilamchi energetik resurslardan foydalangan holda energiya ishlab chiqaruvchilar yagona elektr energetikasi va elektr energiyasi iste'molchilarining tarmoqlariga qonunchilik talablariga muvofiq blok-stansiyalar shartlarida ulanishlari mumkin;
- qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ikkilamchi energetika resurslardan foydalanadigan qurilmalar yagona elektr energetikasi tizimi operatorining dispetcherlik grafigida elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha qazilma yoqilg‘ilaridan foydalanadigan energiya ishlab chiqaruvchi quvvatlarga nisbatan ustuvorlikka egadir;
- mavjud elektr tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va (yoki) kengaytirish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalarini (qurilmalarini) ulash bilan bog‘liq xarajatlar ushbu tarmoq egalari tomonidan, yagona elektr energetikasi tizimiga ulash nuqtasigacha esa – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi;
- yagona elektr energetika tizimiga yetkazib berilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan (“O‘zbekgidroenergo” AJ tashkilotlaridan tashqari) ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblar uchun amaldagi tarif qiymatida (qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olmagan holda), yagona elektr energetika tizimi bo‘yicha elektr energiyasi birligini yetkazib berish tannarxiga kamaytirilgan qiymatda, shuningdek, hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining elektr energiyasi birligini taqsimlash va sotish qiymatiga kamaytirilgan holda, amalga oshiriladi.
Hududiy elektr tarmoqlari korxonalari “O‘zbekenergo” AJ va mahalliy ijro hokimiyati organlari bilan kelishgan holda, qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiya ishlab chiqaruvchilardan elektr energiya sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzish huquqiga ega bo‘lishdi.
Bu muhim! Vazirlar Mahkamasi tomonidan Prezidentning 2017 yil 6 apreldagi F-4891-son farmoyishi bilan tashkil qilingan Tovarlar (ishlar, xizmatlar) hajmi va tarkibini tanqidiy tahlil qilish, import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish Komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan ro‘yxatga asosan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan, Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun chetdan olib kelinadigan texnologik uskunalar, xomashyo, materiallar, butlovchi va ehtiyot qismlar, texnologik hujjatlar 2022 yilning 1 yanvarigacha bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinadi.
Manba: Norma.uz